MTJni mundialga kim olib borishi kerak?

  • Mr.NoBoDy 19.07.2025 16:08
  • 51
  • 30

Bir necha kundan buyon O'FA taniqli xorijlik murabbiylar bilan muzokara olib borayotgani haqidagi xabarlar tarqaldi.

Ushbu xabarlar futbol hamjamiyatini hayron qoldirdi va ko'pgina bahslarga sabab bo'ldi. Bir necha kun avval saytimizda xorvatiyalik Slaven Bilich O'FA bilan muzokara olib borayotgani haqida yozildi, undan avval esa Yoaxim Lyov. Ikki murabbiy ham ancha taniqli va mashhur. Endi O'FA rahbariyati qiyin tanlov oldida turibdi. Mundialdagi ilk ishtirokni Timur Kapadzega topshirish kerakmi yoki taniqli va tajribaliroq murabbiy yollagan yaxshimi?

Har bir o'zbek futboli muxlisi ushbu savolga o'zicha javob beradi. Ming xil tanlov va fikr bor, ammo ikki variantning ham o'ziga yarasha ustunlik va kamchilik tomonlari bor. Keling, ularni ko'rib chiqamiz.


1-Scenariy. Taniqli murabbiy yo'llanishi

Faraz qilaylik, CAFA Nations Cup-2025 musobaqasidan so'ng terma jamoaga yangi murabbiy tayinlanadi. Masalan, Lyov. Agar Yoaxim Lyov terma jamoa bosh murabbiyi etib tayinlansa, noyabr oyidagi FIFA kunlaridan so'ng terma jamoani qabul qilib oladi. Sababi, Timur Kapadzening va murabbiylar shtabining shartnomasi noyabr oyiga qadar amal qiladi. Aniqrog'i, JCH-2026 saralash bosqichi to'liq tugashiga qadar. Noyabr oyidagi FIFA kunlari esa 2025 yildagi so'ngisi bo'ladi. Dekabr oyining dastlabki sanalarida Superliga yakunlanadi va mahalliy futbolchilar bir oylik tatilga chiqishadi. Yangi bosh murabbiyi jamoa bilan tanishib olishiga esa bir yig'in ketadi. Keyingi FIFA kunlari esa mart oyida. Shuningdek, dekabr oyida mundial qurasi bo'lib o'tadi va raqiblarimizni bilib olamiz. Keyingi olti oy davomida raqiblarni o'rganish va JCHga tayyorgarlik ko'rish kerak bo'ladi. Meni aynan shu jihat xavotirga solmoqda. Lyov yoki Bilich terma jamoa boshqaruviga kelsa, barcha bilan tanishib olish va tizimni o'rganib chiqishiga bir muddat vaqt kerak bo'ladi. Mahalliy murabbiyda esa bunday emas. Kapadzeda 11 oy vaqt bor.


Bu yil O'FA yanvar oyida FIFA kunlaridan tashqari sanalarda yig'in o'tkazdi-ku, deyishingiz mumkin. Xorijlik murabbiyga ham shunday "ekstra" yig'in tashkillashtirib berilishi mumkin, lekin FIFA kunlari o'tkazilmayotgan yig'inlarga legionerlar kela olmaydi. Masalan, Shomurodovni "Bashakshexir" qo'yib yubormasligining ehtimoli 95%. Gvardiola esa Husanovning yig'inga chaqirilgani haqidagi xatni ochib o'tirmasa ham kerak. Xullas, agar shunday yig'in tashkil etilsa, katta ehtimol legionerlar yig'inda ishtirok etishmaydi. Faqat Superligada to'p tepadigan futbolchilardan iborat yig'in o'tkazishdan mano yo'q.

Yangi murabbiy o'z uslubini singdirib olish va yo'lga qo'yishi uchun ham vaqt talab etiladi. To'g'ri, Lyov katta murabbiy, ammo Lyov terma jamoaga keldi degan darhol natija bo'ladi degani emas. O'FA Lyovni olib kelishi, guruhdan chiqishimizni kafolatlamaydi. Zamonamizning eng kuchli murabbiyi Pep Gvardiolaning "Manchester Siti"dagi ilk mavsumini eslang. Hatto Gvardioladek murabbiy o'z uslubini yo'lga qo'yib olishi uchun bir mavsum kerak bo'lgan. Hozir esa "Siti" eng "gegemon" jamoalardan biri va ketma-ket to'rt mavsum eng raqobatbardosh liga deya tan olinadigan APLni yutdi.

Kecha Xayrulla Xoliqov o'z maqolasida, Jahon chempionati ishtirokchilari soni 48taga etkazilgani va pley-off bosqichiga 32ta jamoa chiqishi haqida va MTJ okean ortiga "muzqaymoq eyish" uchun bormasligini aytdi. To'g'ri, hozirgi imkoniyatimizdan kelib chiqib, guruhdan chiqishga imkoniyatimiz etadi. Biroq barchasi biz tasavvur qilgandek oson emas, hali qura tashlangani yo'q va raqiblarimiz kim ekanligini bilmaymiz. Ikkinchidan, AQSHda biz sevgan sport turiga bo'lgan etibor va tushuncha boshqacha, hattoki o'yin nomi ham "sokker". Yaqinda yakunlangan klublar o'rtasidagi jahon chempionatida yo'lga qo'yilgan tashkiliy masaladagi kamchiliklarning guvohi bo'ldik. Jahon chempionatida ham o'yinlar kechasi emas, kuning yoriq qismida o'tkaziladi. Mana shunday kutilmagan muammolar ham MTJ o'yiniga tasir qilishi mumkin.

Masalan, Olimpiadada ham xuddi shunday bo'ldi. Tashkiliy masalalardagi muammolar va Olimpiya qishlog'ida yashash jamoa o'yiniga tasir o'tkazdi. Timur Kapadze esa Olimpiadadan so'ng aynan shu masalalar olimpiya terma jamoasi kutilganidek natija qayd eta olmaganiga tasir qildi, deya aytib o'tgan edi. MTJdan natija talab qilish va katta umidlar bog'lash ham noto'g'ri. Olimpiya o'yinlarida ham shunday xatoga yo'l qo'yildi. Timur Kapadze Olimpiyada medal uchun kurashamiz, dedi. Bu esa katta bosim. Yakuniy natija qanday bo'lganini esa barchamiz ko'rdik. Ikkita mag'lubiyat va birgina durang. Ruslarda "pervyy blin komom" degan maqola bor. Aynan ushbu maqola hozirgi holatimizga mos tushadi.




Qatarga qarshi o'yinni tomosha qilish uchun Toshkentga kelgan Srechko Katanec ham ushbu masala haqidagi fikrini intervyuda aytib o'tdi:

"Men barcha o'zbekistonlik futbol muxlislariga bir narsani maslahat beraman. Terma jamoadan hech nima kutmanglar. Shunchaki ilk marotaba Jahon chempionatida ishtirok etayotganlaringizdan rohat olinglar. Birinchi ishtirok katta natija qayd etish oson emas. Jarayondan rohatlaning. Qanday natija qayd etilishi juda ko'p faktorlarga bog'liq, masalan, qaysi jamoalar bilan guruhda o'ynash va boshqa minglab sabablar. Jahon chempionatini rohatlanib yashab o'tinglar. Qatar terma jamoasi o'zi mezbonlik qilgan JCHda qanday ishtirok etdi? Ular Jahon chempionatiga bir yil davomida tayyorgarlik ko'rishdi va bir yil davomida yig'inlarda ishtirok etishdi. Terma jamoa futbolchilari mahalliy chempionat bahslarida maydonga tushmadi. Barcha etibor mundialdagi ishtirokka qaratildi. Yakunda esa bunday natija va bu normal holat. Dastlabki ishtirokda bunday natijalar qayd etilishi tabiiy. Bu endi boshlanishi degani. Qatar misoliga qaranglar va terma jamoadan ko'p narsa talab qilmanglar"

Haqiqatdan ham, Qatar o'zi mezbonlik qilgan mundialga to'rt yil davomida tayyorgarlik ko'rdi va saralash bosqichida ishtirok etmadi. Mundialda esa barcha uchrashuvlarda mag'lub bo'ldi va bor-yo'g'i birgina gol urdi.

Endi esa tanganing ikkinchi tomoniga qarasak. Lyov terma jamoaga kelishining foydali jihatlari ham juda ko'p. Birinchi navbatda bu etibor. Mundialda 48ta jamoa ishtirok etadi va ko'plab mamlakatlar xuddi biz kabi ilk bor jahon birinchiligida ishtirok etishmoqda. Masalan, qitadoshimiz Iordaniya. Agar Lyov yoki boshqa bir taniqli murabbiy terma jamoani boshqarsa, MTJga bo'lgan etibor karrasiga oshadi. Bu esa futbolchilarga kattaroq etibor degani. Fayzullaev yoki boshqa bir iqtidorli futbolchilarning Evropaning kuchli chempionatlariga yo'l olishi osonlashadi. Futbolchilarimiz esa ommaviy ravishda Eronga emas, Evropaga ko'chib o'tish jarayoni boshlanishi mumkin. Bu albatta, katta plyus. Lyov hozirgi sharoitlarga ko'nmasligi ham bor. U terma jamoaga yaxshiroq sharoit talab qilishni boshlaydi. Bu ham o'ziga yarasha foyda. O'FA va terma jamoa tashkiliy jihatdan katta o'sishga erishadi.



2-scenariy. "Ishonch krediti" Kapadzega topshiriladi

Timur Kapadze terma jamoa bosh murabbiyi lavozimida qoladi va shartnomasini uzaytiradi. Kapadzeda JCHga tayyorgarlik ko'rish uchun 11 oy vaqt bor. U terma jamoani tayyorlashda davom etadi va MTJ o'z tarixida ilk bor to'rt yillikning eng yirik musobaqasida ishtirok etadi. Qanday natija qayd etilishi ham nomalum, lekin Kapadzeda yangi murabbiyga qaraganda ko'proq vaqt bor. Vaqt esa eng qimmatli resurs.

Agar Kapadze MTJda qoladigan bo'lsa, mundial davomida terma jamoamizga bo'lgan etibor Yoaxim Lyov boshqaruvidagidek bo'lmasligi mumkin. Xorijiy nashrlar, jurnalistlar terma jamoa haqida kamroq yozadi, ammo bu bizga kerakmi? Bu savolga esa O'FA rahbariyati javob berishi kerak, nazarimda.



Mahalliy murabbiylar fenomeni

Jahon chempionatlari tarixida birorta ham terma jamoa chet ellik murabbiy bilan g'olib bo'lmagan. Barcha terma jamoalar mahalliy murabbiylar bilan mundial g'olibligini qo'lga kiritishganida terma jamoani mahalliy murabbiy boshqargan. To'g'ri, O'zbekiston terma jamoasi Timur Kapadze bilan jahon chempionatida g'olib bo'lishining ehtimoli juda ham kam, ammo ushbu statistika mahalliy murabbiylar terma jamoalar bilan muvaffaqiyatliroq ishlashiga isbot bo'la oladi.


Yil: 1930

Chempion jamoa: Urugvay

Murabbiy: Alberto Suppichi (Urugvay)


Yil:1934 

Chempion jamoa: Italiya 

Murabbiy: Vittorio Pocco (Italiya)


Yil:1938 

Chempion jamoa: Italiya 

Murabbiy: Vittorio Pocco (Italiya)


Yil:1950

Chempion jamoa: Urugvay 

Murabbiy: Xuan Lopes (Urugvay)


Yil:1954 

Chempion jamoa: GFR (Germaniya) 

Murabbiy: Zepp Xerberger (Germaniya)


Yil:1958 

Chempion jamoa: Braziliya 

Murabbiy: Visente Feola (Braziliya)


Yil:1962 

Chempion jamoa:Braziliya 

Murabbiy: Aymar Moreyra (Braziliya)


Yil:1966 

Chempion jamoa: Angliya  

Murabbiy: Alf Remzi (Angliya)


Yil:1970 

Chempion jamoa: Braziliya 

Murabbiy: Mario Zagallo (Braziliya)


Yil:1974 

Chempion jamoa: GFR (Germaniya) 

Murabbiy: Xelmut Shyon (Germaniya)


Yil:1978 

Chempion jamoa: Argentina 

Murabbiy: Sesar Luis Menotti (Argentina)


Yil:1982 

Chempion jamoa: Italiya 

Murabbiy: Enco Bearzot (Italiya)


Yil:1986 

Chempion jamoa: Argentina 

Murabbiy: Karlos Bilardo (Argentina)


Yil:1990 

Chempion jamoa: GFR (Germaniya) 

Murabbiy: Franc Bekkenbauer (Germaniya)


Yil:1994 

Chempion jamoa: Braziliya 

Murabbiy: Karlos Parreyra (Braziliya)


Yil:1998 

Chempion jamoa: Franciya 

Murabbiy: Eme Jake (Franciya)


Yil:2002 

Chempion jamoa: Braziliya 

Murabbiy: Luis Felipe Skolari (Braziliya)


Yil:2006 

Chempion jamoa: Italiya 

Murabbiy: Marchello Lippi (Italiya)


Yil:2010 

Chempion jamoa: Ispaniya 

Murabbiy: Visente del Boske (Ispaniya)


Yil:2014 

Chempion jamoa: Germaniya 

Murabbiy: Yoaxim Lyov (Germaniya)


Yil:2018 

Chempion jamoa: Franciya 

Murabbiy: Dide Desham (Francuz)


Yil:2022 

Chempion jamoa: Argentina 

Murabbiy: Lionel Skaloni (Argentina)




Xulosa va O'FAga maslahat

Bir necha soat avval O'FA ijtimoiy tarmoqlarida so'nggi kunlardagi xabarlar bo'yicha raddiya berdi. 

"JCHda munosib ishtirok etish uchun murabbiylar shtabi tarkibini takomillashtirish maqsad qilingan" — O'FA

Vaziyatni ochiqlash va muxlislarga to'liq malumot berish uchun, O'FA JCHga tayyorgarlik rejasini elon qilsa yaxshiroq bo'lardi. O'FA qanday strategiyani tanladi? JCHdagi maqsad qanday? Ushbu talablarga javob beradigan  murabbiy tanlanishi to'g'ri bo'ladi. Buning uchun esa O'FA bir sanani belgilab, OAV vakillari uchun JCHga tayyorgarlik strategiyasining taqdimotini o'tkazishi kerak.

20-may sanasida O'FA murabbiylar va futbolchilar ishtirokida 2025–2029 yillarga mo'ljallangan ayollar futbolini rivojlantirish strategiyasi taqdimotini o'tkazdi. Shu tadbirni O'FA yana bir marotaba takrorlashi kerak, faqat mavzu JCHga tayyorgarlik ko'rish va mundialdagi ishtirok bo'lishi kerak.    

Yoaxim Lyov yoki Slaven Bilich MTJ boshqaruviga kelishining ustunliklari ham bordir, ammo ularda vaqt kamroq. Tarkibni o'rganib chiqish uchun esa ko'p vaqt talab etiladi. Kapadzeda esa ushbu vaqt bor. Nazarimda, mundial startiga 11 oy qolganida terma jamoaga Lyov yoki undan ham kattaroq nomni olib kelsak ham natija o'zgarmasa kerak. Sababi Lyov tarkibimizni o'zgartirib yubora olmaydi. Terma jamoadagi hozirgi tarkib 4-5 yildan buyon birga o'ynab kelmoqda. Yangi tarkib tuzish esa xato bo'ladi. Hozirda qo'l ostimizda bor masalliq bilan taom tayyorlashimiz yaxshiroq, nazarimda. 


Yana bir qo'shimcha variant bor, taniqli murabbiy yo'llanishi va Kapadzening murabbiylar shtabida qolishi, ammo Kapadzening murabbiy sifatidagi ambiciyalari bunga to'g'ri kelmasligi mumkin. Kapadze ushbu rolga rozi bo'ladimi yo'qmi, bu ham noayon. Misol uchun, Lyov terma jamoa bosh murabbiyi etib tayinlansa va Kapadze assistent bo'lsa, MTJ qaysi mutaxassisning uslubini tanlaydi? Bu variant esa vaziyatni yanada chigallashtirib yuboradi.         



Ўхшаш янгиликлар

MMA (UFC) videolar

post photo

ММА (UFC) - janglari

UFC 310 Embedded (эпизод 5)

Futbol obzorlar