Tojikiston terma jamoasi bilan Osiyo Kubogida “furor” ko'targan germaniyalik murabbiy Petar Shegrt bir necha kun avval Germaniya terma jamoasi sobiq bosh murabbiyi va O'FA bilan muzokaralar olib borayotgan, deya elon qilingan Yoaxim Lyov bilan uchrashgani tasvirlangan surat tarqalgan edi. Biz esa Shegrt bilan bog'landik va uni savolga tutdik.
- Salom, janob Shegrt, ishlaringiz yaxshimi? Avvalo intervyuga rozi bo'lganingiz uchun tashakkur. Tojikiston terma jamoasidan ketganingizga bir yarim yildan oshdi, ammo hali hamon yangi jamoada ish boshlamadingiz. Hozirgi kunda nimalar bilan bandsiz? Balki qandaydir futbol loyihalarida ishtirok etayotgandir? Tojikiston terma jamoasidan klublar yoki terma jamoalardan takliflar bo'lmadimi?
- Men o'zimni yaxshi his qilyapman va juda yaxshi dam olyapman. Tojikiston terma jamoasi bilan o'tgan ajoyib ikki yilni o'tkazdik. Osiyo Kubogi va Tojikiston futbol federaciyasining qo'llab-quvvatlashi va ajoyib Tojikiston xalqi bilan ishlashganimdan so'ng menga tanaffus kerak edi. Kuch-quvvat to'plab olish uchun. Shuning uchun o'tgan yili Germaniyada bo'lib o'tgan Evropa chempionatining yuqori darajadagi o'yinlarini, shuningdek, butun Osiyo bo'ylab ko'plab Jahon chempionati saralash bahslarini bevosita stadiondan tomosha qildim. Tabiiyki, Germaniya Bundesligasi, Angliya Premer-ligasi va Ispaniya La Liga o'yinlarini ham kuzatdim, bazan esa klublarning mashg'ulotlarda ham qatnashdim. Chempionlar Ligasining ko'plab o'yinlarini stadiondan tomosha qilish imkoniyatim bo'ldi. Ayniqsa, "Barselona" va "Borussiya Dortmund" kabi klublarning mashg'ulotlariga bordim va eski murabbiy do'stlarim bilan uchrashish baxtiga muyassar bo'ldim.
Masalan, "Barselona"da Xansi Flik va uning xorvat yordamchisi Toni Tapalovich, "Borussiya"da esa Niko Kovach va uning yordamchisi Filip Tapalovich bilan ko'rishdik. Men professional murabbiy va inson sifatida ko'proq narsalarni o'rganishni va rivojlantirishni yaxshi ko'raman. Butun dunyo bo'ylab turli mamlakatlarga sayohat qilish va turli madaniyatlarni ko'rishni yoqtiraman va bo'sh vaqtimni shunday ishlarga sarflayman. Men 30 yildan ko'proq vaqtdan beri Xansi Flikni taniyman. U ajoyib shaxs va aql bovar qilmas murabbiy. Uning xorvatiyalik assistenti "Barselona" murabbiylar shtabi azosi Toni Tapalovich va uning akasi Filip Tapalovichni bilan ham 30 yildan beri tanishmiz. "Barselona" va "Borussiya Dortmund"dagi mutaxassisilar bilan futbol masalalarini to'g'ridan-to'g'ri muhokama qilish imkoniyatim bor va men bundan xursandman.
Chempionlar Ligasi uchrashuvlarini stadionda ko'rish zo'r, ammo o'yindan oldin va keyin qahva, tushlik yoki kechki ovqat ustida suhbatlashish har bir professional murabbiy uchun juda muhim. Xansi Flik va Toni Tapalovich Chempionlar ligasidagi bahsdan so'ng meni maydonga taklif qilishdi va biz o'yin qanday kechganini muhokama qildik. Men 42 yillik murabbiy va so'nggi 30 yil davomida professional futbol murabbiyiman, lekin professional futbolda, ayniqsa "Barselona"da bunday narsalar ro'y berishini kutmagan edim. Bunday hatti-harakatlar UEFA tomonidan taqiqlangan, ammo Flik va Tapalovich ushbu harakatlari bilan meni yaxshi manoda hayron qoldirishdi. Shunday do'stlarim borligidan xursandman. Do'stlarimdan juda minnatdorman.
Bundan tashqari so'nggi bir yil davomida ko'plab ajoyib futbol murabbiylari bilan do'stona uchrashdim, asosan oilalarimiz haqida va yoshligimizda ro'y bergan qiziqarli voqealarni esladik. Albatta, futbol rivoji va yuqori darajadagi futboldagi yangiliklar haqida ham gaplashdik.
Ko'rib turibsizki, so'nggi bir yil men uchun ajoyib bo'ldi. Biroq ochig'ini aytsam, yana yuqori darajadagi futbolni va ishimni sog'indim. Agar yana qiziqarli imkoniyat va chaqiruv paydo bo'lsa, o'ylab ko'raman.
- O'zbekiston terma jamoasi tarixda ilk bor Jahon chempionati yo'llanmasini qo'lga kiritdi. O'zbekistonning saralashdagi ishtirokini kuzatib bordingizmi? O'zbekiston, Tojikiston, Qirg'iziston yoki umuman Markaziy Osiyo terma jamoalarini hali hamon kuzatyapsizmi?
- Albatta, butun o'zbek hamjamiyatini va xalqni bunday katta va tarixiy natija bilan tabriklayman. Shuningdek, tahririyatingizning barcha xodimlari va jurnalistlarini ham tabriklayman. Bunday natija qayd etilishida OAVning xizmati katta. Sizlar muxlislar va jamoa o'rtasidagi ko'priksizlar.
Terma jamoangiz o'z guruhida birinchi o'rinni egallashi ham mumkin edi, nazarimda. Qirg'iziston terma jamoasining ham bir nechta o'yinlarini tomosha qildim. Eski va qadrdon do'stlarim Tojikistonning hech qaysi o'yinini o'tkazib yubormayman.
- Tojikiston terma jamoasi sizning qo'l ostingizda Osiyo Kubogidagi debyutidayoq chorak final bosqichiga qadar etib bordi. Ushbu tarixiy natijadan so'ng terma jamoani tark etdingiz? Nima uchun shartnomani uzaytirmaslikka qaror qildingiz? Tojikistonni tark etishingizga nima sabab bo'ldi?
- Shartnoma 2024 yilda yakunlanar edi va Tojikiston futbol federaciyasi shartnomani uzaytirishni istayotgan edi. Moliyaviy jihatdan ham hech qanday muammo yo'q edi. Sababi men tomondan pul yoki boshqa narsalar haqida gap bo'lmadi, chunki pul, mening 30 yillik murabbiylik faoliyatimdan davomida hech qachon mening uchun asosiy rag'bat o'rnida bo'lmagan.
Men juda og'ir oilaviy muammolarga duch keldim va bu haqda ommaviy axborot vositalaridan hech kimga gapirmaganman. Chunki 6 hafta ichida hayotimdagi muhim insonlarning birini yo'qotishdan oldin u bilan so'nggi kunlarni birga o'tkazishni istagan edim. Bu haqda faqatgina Tojikiston futbol federaciyasi rahbariyatiga aytganman. Shuning uchun men oilam bilan so'nggi damlarni o'tkazish va shundan so'ng yangi hayot boshlashni reja qilgandim. Buning uchun menga yangi kuch va biroz vaqt kerak edi.
Chunki siz Gruziya, Afg'oniston, Maldiv orollari va Tojikiston kabi mamlakatlarning bosh murabbiyi bo'lib ishlash, har doim o'sha mamlakatdagi ishingizga butun vujudingiz bilan kirishishingiz va bor kuchingizni sarflashingiz talab etiladi. Men bazi futbolchilar, odamlar yoki ayniqsa bosh murabbiy sifatida o'zimning faqat 50-80%ga berilib bilan ishlashni yoqtirmayman. O'zimga bo'lgan talablarimga ko'ra, men o'z ishimga faqat va faqat 100% berilishim kerak. Bosh murabbiy butun jamoaga va futbolchilarga namuna bo'ladi. Shuning uchun, bosh murabbiy jamoada har doim eng ko'p mehnat qiluvchi shaxs bo'lishi kerak.
Men o'z principlarimga qarshi borishni istamadim va shu sababli Tojikiston terma jamoasini tark etdim. O'sha vaqti men 100% etiborimni ishga qarata olmas edim, buning sababini esa avvalroq aytib o'tdim. Tojikiston terma jamoasi esa 100%lik ishtiyoq bilan ishlaydigan murabbiyga loyiq. Tojikistondan ketish men uchun ham juda qiyin bo'ldi, lekin men o'z principlarim va hayotiy falsafamga qarshi bora olmas edim. Shu sababli bunday qarorga keldim.
Tojikiston bilan birinchi marta Osiyo Kubogi saralashidan o'tganimiz, Qirollar Kubogi va Merdeka Kubogini qo'lga kiritganimiz hamda Tojikiston debyut musobaqada muvaffaqiyatli ishtirokimiz va yana ko'plab yorqin o'yinlar. Men bu ikki yildan ortiq vaqt ichida juda ko'p kuch sarfladim. Osiyo Kubogidan so'ng menda kuch qolmagan edi va men o'sha paytda oilamning yonida bo'lishim talab etilardi.
Men hali hamon Tojikistonni sog'inaman, ajoyib Tojikiston xalqini, ayniqsa bu aql bovar qilmaydigan buyuk futbolchilarni. Lekin men yana bir bor yangi chaqiruvlarga tayyor bo'lishim uchun birinchi navbatda oilaviy muammolarimni hal qilishim va o'zimga etibor berishim kerak.
Oila azolarimdan birini yo'qotganimdan va biroz vaqt o'tganidan so'ng, o'zimni yana yaxshi his qilyapman. Men hozir yangi va o'zgacha taklif kutmoqdaman. Chunki hayotimizda, Tojikiston kabi qiziqarli chaqiruvlarni biroz ko'proq kutishga to'g'ri keladi.
- Bir necha kun avval Germaniya terma jamoasi sobiq bosh murabbiyi Yoaxim Lyov bilan tushgan suratingiz ijtimoiy tarmoqlarda tarqaldi. Yaqinda esa saytimizda Yoaxim Lyov O'zbekiston Futbol Associaciyasi bilan terma jamoani boshqarish bo'yicha muzokaralar olib borayotgani haqida xabarlar tarqaldi. Siz Lyov bilan O'FA taklifi haqida suhbatlashmadingizmi? Agar sir bo'lmasa, u bilan nimalarni muhokama qildingiz?
- "Jogi" bilan 27 yillik do'stmiz. 2008 yilda Lyov Germaniya term jamoasi bosh murabbiyi edi, Xansi Flik esa uning assistenti. O'sha yillarda men Gruziyada edim. Oliver Birxoff esa terma jamoalar bilan ishlash bo'limi bosh menejeri edi. O'sha yili Lyov va Birxoff menga qo'ng'iroq qilishgan va Germaniya U21 terma jamoasini menga topshirishmoqchi ekanligini aytishgan edi. Muzokaralar va muhokamalardan so'ng men Gruziya terma jamoasida qolishni qaror qilgan edim.
Gruziyada men U21 terma jamoasi bosh murabbiyi va o'sha vaqtdagi terma jamoa bosh murabbiyi Klaus Topmyullyor assisteni va Gruziya futbol federaciyasi texnik direktori sifatida uch yil davomida faoliyat yuritdim.
Yoaxim Lyov va Petr Shegrt JCH-2014dan oldingi yig'inlardan birida.
Meni tushunasan degan umiddaman, biz u bilan shaxsiy narsalarni gaplashdik. Ularni senga aytishim odobga to'g'ri kelmaydi. O'zaro suhbatimiz mediada tarqalib ketishini Lyov ham, men ham istamaymiz. Men terma jamoa bosh murabbiyi bo'la turib, boshqa murabbiylarni muhokama qilmayman. U bilan O'zbekistondan bo'lgan taklif haqida ham hech qachon so'ramayman. Bu har bir murabbiyning shaxsiy ishi.
Terma jamoa bosh murabbiyi Timur Kapadzeni va butun O'zbekiston xalqini ulkan muvaffaqiyat bilan tabriklayman. Timur Kapadze futbolchilik faoliyati davomida ham ajoyib futbolchi edi va terma jamoa shanini munosib himoya qilgan. Endi esa u milliy terma jamoangiz murabbiyi. U o'zining ajoyib o'yinchilari, barcha yordamchi murabbiylari va xodimlarining hamjihat mehnati, shuningdek, O'zbekiston futbol associaciyasi va hukumatining katta qo'llab-quvvatlashi tufayli sizlar ilk bor Jahon chempionatida ishtirok etasiz. Bu shunchaki ajoyib va buyuk hodisa.
Umid qilamanki, O'zbekiston uchun birinchi Jahon chempionati ajoyib o'tadi va butun dunyoga o'zbek futboli qanchalik kuchli ekanligini dunyodagi futbol bo'yicha eng katta musobaqa namoyish eta oladi. Sizlarga omad tilayman va O'zbekiston oldinga!
- Janob Shegrt ajratilgan vaqt va qiziqarli suhbat uchun katta rahmat.
- Germaniyadan sizning Petar Shegrtingiz barchaga salom yo'llaydi.