
Bu o'yin nafaqat mavsumning, balki yilning eng kutilgan bellashuvlaridan biriga aylandi. Kubok musobaqasi har doim kutilmagan natijalar va dramatik pallalar bilan yodda qolgan. Shu jihatdan, bu final ham istisno bo'lishi qiyin.
Taniqli murabbiy va mutaxassis Murod Ismoilov yaqinlashib kelayotgan hal qiluvchi bahs arafasida o'z fikrlari bilan o'rtoqlashdi:
“Avvaldan malumki, Kubok bellashuvlari kutilmagan natijalarga boy bo'ladi. Ertangi “Buxoro” – “Paxtakor” o'yini ham bu qoidadan mustasno emas. Finalda natija haqida oldindan gapirish qiyin — bu o'yinda har qanday scenariy sodir bo'lishi mumkin. Alloh kimga g'alaba nasib etsa, o'sha jamoa Kubok sohibi bo'ladi.
“Paxtakor” joriy mavsumning ilk qismida ishonchsiz o'yinlar ko'rsatgan bo'lsa-da, keyinchalik jamoa o'zini tiklab oldi. Hozirda ular nafaqat Kubok, balki chempionlik uchun ham kurashni davom ettirmoqda. Kamoliddin Tojiev jamoani qayta ruhlantira oldi va bu ish jarayonida yaxshi natijalarga erishdi. Tarkib jihatidan ham “Paxtakor”da ustunlik seziladi.
“Buxoro” safiga kelsak, bu jamoada yaqinda murabbiy almashinuvi bo'ldi. Yangi mutaxassis qisqa vaqt ichida o'z falsafasini jamoaga singdira oldimi-yo'qmi, buni final ko'rsatadi. Shuni ham tan olish kerakki, “Buxoro” uchun finalga etib kelishning o'zi katta yutuq hisoblanadi. Ular bir necha yildan beri katta sovrinlar uchun kurasha olmayotgan edi, shuning uchun bu bellashuv — ular uchun tarixiy imkoniyat.
Qisqasi, Kubok finalida barcha narsa bo'lishi mumkin. Bu erda nafaqat mahorat, balki ruhiyat, jamoaviy birlik va ishonch hal qiluvchi ahamiyat kasb etadi",- deydi Murod Ismoilov.