
Braziliyaning Rio-de-Janeyro shahri hukumati dunyoga mashhur «Marakana» stadionini sotuvga qo‘ygan. Bu haqda RMS Sport nashri xabar berdi.
Mahalliy hokimiyat bu qaror orqali stadionni saqlash xarajatlaridan qutulish va 1,89 milliard yevrolik mintaqaviy qarzning bir qismini yopishni maqsad qilgan. Rio-de-Janeyro shtati qonunchilik kengashi shahar iqtisodiy tanazzuldan chiqish uchun mablag‘larni tejash choralarini ko‘rmoqda. Kengash prezidenti Rodrigo Amorimning aytishicha, hukumat «Marakana»ni saqlash uchun har bir o‘yinga o‘rtacha 160 ming yevro sarflaydi. Amaldorlarning fikricha, bu qaror mintaqa uchun muhim ahamiyatga ega, chunki Rio-de-Janeyro 2026 yilgacha qarzini to‘liq to‘lashi lozim.
Bu «Marakana»ning ilk bor sotuv masalasida tilga olinishi emas. 2011 yilda Braziliyaning eng boy shaxslaridan biri hisoblangan Eike Batista stadionni sotib olishga urinib ko‘rgan, biroq bitim amalga oshmagan.
«Marakana» hozirda Braziliyaning eng mashhur jamoalaridan «Flamengo» hamda «Fluminense»ning uy stadioni hisoblanadi. Shuningdek, u yerda Braziliya terma jamoasi ham o‘z o‘yinlarini o‘tkazadi.
Ushbu stadion 1950 yilgi Jahon chempionatining tarixiy finaliga mezbonlik qilgan. O‘sha bahsda Urugvay Braziliyani mag‘lub etib, chempionlikni qo‘lga kiritgan edi. Shuningdek, «Marakana» 2014 yilgi Jahon chempionati finali va 2016 yilgi yozgi Olimpiya o‘yinlarining futbol bahslari finalini ham qabul qilgan. Arena sig‘imi — 78 ming tomoshabinga mo‘ljallangan.