
Londonda Angliya Premyer Ligasi futbolchisiga nisbatan qurol bilan tahdid qilingan voqea bo‘yicha polisiya tergov boshladi. Daily Mirror nashri xabariga ko‘ra, bu ishda taniqli futbol agenti gumonlanmoqda.
Ma’lum qilinishicha, 6 sentyabr kuni ismi oshkor etilmagan futbolchi do‘sti bilan shahar markazida yurgan paytda unga noma’lum shaxs qurol bilan tahdid qilgan. Polisiya hodisadan so‘ng tergov ishlarini boshlagan.
Oradan ikki kun o‘tib, Angliya terma jamoasining bir qancha vakillarining huquqlarini himoya qiladigan futbol agenti ushbu ish bo‘yicha hibsga olingan. Unga qurol bilan tahdid qilish, tovlamachilik va futbolchining do‘stiga bosim o‘tkazish kabi ayblovlar qo‘yilgan.
9 sentyabr kuni agent garov evaziga qo‘yib yuborilgan. Biroq unga futbolchi bilan aloqa qilish, uning jamoasi mashg‘ulot bazasiga borish va mamlakatdan chiqish taqiqlandi. Keyinchalik sud unga oldindan rejalashtirilgan safarlarga chiqish uchun ruxsat bergan, ammo qaytgach pasportini polisiyaga topshirishi shart etib belgilangan. Agent hozircha rasman ayblanmagan, tergov ishlari esa davom etmoqda.
Ma’lumot uchun, jabrlangan futbolchining qiymayi qariyb 60 million funt sterlingga teng ekanligi aytilmoqda. Polisiya tergov tafsilotlarini oshkor etmagan, futbolchi va agentning ismlari esa e’lon qilinmadi.