Malayziyaning Kuala-Lumpur shahrida Markaziy Osiyo futbol assotsiatsiyasining 10-yubiley Kongressi bo‘lib o‘tdi. Unda CAFAga a’zo assotsiatsiyalar vakillari, shuningdek CAFA Ijroiya qo‘mitasi a’zolari ishtirok etdi. O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi birinchi vitse-prezidenti, CAFA Hakamlar qo‘mitasi raisi Ravshan Irmatov ham anjumanda qatnashdi.
Kongressda mintaqaviy hamkorlik yangi bosqichga chiqqani e’tirof etilib, CAFA doirasidagi musobaqalarni yanada tizimli va muntazam o‘tkazish zarurligi qayd etildi.
Yana bir muhim yo‘nalish — hakamlikni rivojlantirish, zamonaviy texnologiyalar, amaliyotga joriy etish bo‘yicha kelgusidagi rejalar muhokama qilindi. CAFA tashabbusi bilan FIFA va OFK dasturlari asosida o‘quv seminarlari, onlayn kurslar va nazariy-amaliy mashg‘ulotlarni davom ettirish rejalashtirildi.
Yig‘ilish davomida CAFAning so‘nggi yillardagi faoliyati sarhisob qilinib, bir qator muhim masalalar ko‘rib chiqildi va tasdiqlandi. Shuningdek, aʼzo assotsiatsiyalarning takliflari oʻrganib chiqildi.