- O'yin haqida
- Birinchi navbatda, bu g'alabani Navoiy xalqiga bag'ishlishimizni aytib o'tmoqchiman. Muxlislar 2 yil kutishdi va nihoyat, Navoiyda to'p tepdik. O'ylaymanki, ularni xursand qila oldik. Boshqa tomondan, rahbariyat va mutasaddilarga minnatdorlik bildirmoqchiman. Jamoamizning har bir vakilini ham g'alaba bilan muborakbod etaman. "Nasaf"dan qabul qilib olingan yirik mag'lubiyatdan (0:4) keyin futbolchilar bilan gaplashib olgandik va navbatdagi bahsga jiddiy hozirlik ko'rgandik. Bugun hammasi o'xshadi. Eng muhimi, 3 ochkoga ega chiqish edi. Jamoamiz bundan keyin ham faqat ijobiy natijani ko'zlab maydonga tushadi. Biz "Navbahor" kuchli jamoa ekanligini bilardik. Ular to'pni yaxshi nazorat qilishi va hujumni qanday tartibda boshlashidan xabardor edik. O'yin 50 ga 50 bo'lib o'tdi. Bizga omad kulib boqdi.
- Roman Papariga dastlabki 3 ta o'yinda yaxshi harakat qilayotgandi, hozir esa uning holati yaxshi emasdek tuyulmoqda. Bugun aniq zarba ham berolmadi. Unga nima bo'ldi?
- Mavsum davomida shunday onlar bo'ladiki, futbolchi yaxshi boshlaydi, ammo keyin formasi biroz tushadi. Papariga yaxshi holatda kelgandi. U "Naftan" (Belarus)da yorqin o'yin ko'rsatgan va qaysidir manoda o'zini o'zi boshqa jamoalarga tavsiya qila olgan. Ehtimol, hozir unda biroz pasayish kuzatilayotgandir, lekin u mashg'ulotlarda tinim bilmaydi.
- Shahzod Rahmatullaev qaydnomada ham yo'q edi. U qachon qaytadi?
- U o'tgan o'yinda jarohat oldi. Shifokorlar tavsiyasiga ko'ra unga dam berildi. Shundan so'ng sekin-asta tiklanish mashg'ulotlarini olib boradi va keyingi o'yinlarga qaytadi.