5 iyun kuni jahon chempionati 3-saralash bosqichi 9-turidan o'rin olgan BAA – O'zbekiston uchrashuvi bo'lib o'tadi. Mazkur bellashuv ikki jamoa uchun ham muhim ahamiyat kasb etadi. Jumladan, O'zbekistonga durang ham mundial chiptasini taqdim etadi. Yaqin taqibchi bo'lgan mezbonlar esa buni istamaydi va g'alaba uchun kurashadi. Amirliklarni bo'lajak uchrashuvga yaqinda tayinlangan ruminiyalik Kosmin Olariu tayyorlaydi.
Etiborli jihati, mutaxassis bundan avval ham O'zbekiston milliy terma jamoasi bilan bir marotaba to'qnash kelgan. U Saudiya Arabistoni bosh murabbiyi sifatida 2015 yilgi Osiyo kubogi guruh bosqichida Mirjalol Qosimov murabbiyligidagi O'zbekiston bilan bellashgan.
Sardor Rashidovning benefesiga aylangan bahsda O'zbekiston 3:1 hisobida g'alaba qozonib, chorak final yo'llanmasini qo'lga kiritgan. Saudiya Arabistoni esa guruhda qolib ketgani sababli keyinchalik Olariu istefoga chiqarilgan.
O'zbekiston - Saudiya Arabistoni 3:1
"Melbourne Rectangular Stadium"
Gollar: Sardor Rashidov (2) - 1:0, Al Sahlvai (59 penalti), - 1:1. Vohid Shodiev (71), - 2:1. Sardor Rashidov (78), - 3:1.
O'zbekiston: 12.Ignatiy Nesterov, 3.Shavkat Mullajonov, 5.Anzur Ismoilov, 14.Shuxrat Muhammadiev, 19.Vitaliy Denisov, 7.Aziz Haydarov, 9.Odil Ahmedov, 4.Sardor Rashidov, 15.Jasur Hasanov, 10.Jamshid Iskanderov (16.Vohid Shodiev, 65), 6.Bahodir Nasimov.
O'sha o'yindan so'ng Kosmin Olariu shunday fikr bildirgan:
"Albatta, mag'lubiyat juda achinarli holat. Ayniqsa, mag'lubiyatga uchrash usuli ham kishini xafa qiladi. Juda oson gollar o'tkazib yubordik. Ammo bazida futbolda shunday bo'lib turadi. Ehtimol, biz bundan ko'prog'iga munosib emasdirmiz.
Tezkor gol futbolchilarimizga katta ruhiy bosim o'tkazdi. 0-0 dan boshlab o'ynash boshqa, 1-0 dan o'ynash boshqa. Agar ular ikkinchi golni ursa, bilasizmi, o'yinga qaytish juda qiyinlashardi. Lekin bu – futbol. Xato qilsangiz, buning uchun o'lpon to'lashingiz kerak. Biz katta kuch bilan o'yinga kirishdik, ammo...
Men imkonim boricha terma jamoaga yordam berishga intildim, qo'limdan kelgan barcha ishni qildim. Bu men uchun yaxshi tajriba bo'ldi. Afsuski, biz kutgan natijaga erisha olmadik. Mag'lubiyat men uchun ham, Saudiya Arabistonidagi barcha muxlislar uchun ham juda achinarli holat".
Oqil Abdubarnoev tayyorladi.