O'zbekiston milliy terma jamoasi tarixiy natija qayd etib, ilk bor Jahon chempionati yo'llanmasiga ega chiqdi. Avvallari biz uchun orzu bo'lib kelgan mundial armoni yo'qoldi. Endi bu haqiqatga aylandi.
Safarda BAA bilan o'yinda bizni durang ham qoniqtirardi. Yigitlar buni uddalashdi va saralashning uchinchi bosqich tugashiga bir tur qolganida xalqimizga JCH yo'llanmasini taqdim etishdi.
Jahon chempionatiga chiqishimiz uchun katta mehnat qilindi. Bu o'z-o'zidan ro'y berib qolgani yo'q. Hozircha saralashning ushbu bosqichida 9ta o'yin o'tkazib, shundan beshtasida zafar quchdik. Uch marta durang o'ynab, faqat bir bor mag'lub bo'ldik. 18 ochko to'plash mundial chiptasi uchun etarli bo'ldi.
Kelasi yil bo'lib o'tadigan Jahon chempionatida ishtirokchilar soni 32tadan 48taga etkazilishi ham qo'l keldi. Buning natijasida kvotalar soni oshib FIFA Osiyoga avvalgidek to'rtta emas, sakkizta yo'llanma berdi. Endilikda yangicha formatdagi Jahon chempionatida jamoalar 4tadan 12 guruhga bo'linadi. Har bir guruhdan ikkitadan jamoa, shuningdek eng yaxshi ko'rsatkich qayd etgan 8ta uchinchi o'rin egalari ham keyingi bosqichga yo'l oladi. Bu degani biz nafaqat "muzqaymoq eyish", balki guruhdan chiqish uchun ham mundialga boramiz
Jahon chempionatida o'yinlar soni oshadi. Bungacha 64ta uchrashuv o'tkazib kelingan bo'lsa, JCH-2026dan boshlab 104ta o'yin guvohiga aylanamiz. Qolaversa, mundial boshidan oxirigacha 39 kunni tashkil etadi. Taqqoslash uchun 2014 va 2018 yilgi mundiallar 32 kun davom etgandi. Yana bir malumot, Jahon chempionati uchun yakuniy tarkib 2026 yilning 24 mart sanasigacha taqdim etilishi shart.
Kecha bo'lib o'tgan o'yinlar boshlanguniga qadar mezbon mamlakatlardan (AQSH, Meksika, Kanada) tashqari Jahon chempionatiga chiqqan jamoalar soni to'rttani tashkil etgandi: Yaponiya, Eron, Yangi Zelandiya va Argentina. Kecha qitamizda 9-tur bahslari o'tkazilib, mundialga chiqqan yana uchta jamoa nomini bilib oldik: O'zbekiston, Janubiy Koreya va Iordaniya.
Demak, hozirgi payt kelib uchta mezbonni qo'shib hisoblaganda jami 10ta jamoa nomi malum. 10 iyun kungi o'yinlardan so'ng Osiyodan chiqqan yana bitta jamoa nomi malum bo'ladi. Bu Avstraliya yoki Saudiya Arabistoni bo'ladi. Shu o'rinda qitamizda bo'lib o'tgan kechagi o'yinlarni yodga olsak.
5 iyun. BAA - O'zbekiston 0:0
5 iyun. Qatar - Eron 1:0
5 iyun. KXDR - Qirg'iz Respublikasi 2:2
5 iyun. Ummon - Iordaniya 0:3
5 iyun. Iroq - Janubiy Koreya 0:2
5 iyun. Quvayt - Falastin 0:2
5 iyun. Avstraliya - Yaponiya 1:0
5 iyun. Indoneziya - Xitoy 1:0
5 iyun. Bahrayn - Saudiya Arabistoni 0:2
Ko'rib turganingizdek, JCH yo'llanmasini bungacha naqd qilgan Eron va Yaponiya bu tur mag'lubiyatga uchradi. Balki bu motivaciya biroz yo'qolib qolgani bilan izohlanishi mumkin. 10 iyun kungi oxirgi tur bahslarida quyidagi qarama-qarshiliklar bo'lib o'tadi.
10 iyun. O'zbekiston - Qatar
10 iyun. Qirg'iz Respublikasi - BAA
10 iyun. Eron - KXDR
10 iyun. Janubiy Koreya - Quvayt
10 iyun. Iordaniya - Iroq
10 iyun. Falastin - Ummon
10 iyun. Yaponiya - Indoneziya
10 iyun. Xitoy - Bahrayn
10 iyun. Saudiya Arabistoni - Avstraliya
Turning eng markaziy o'yini Jidda shahridagi "Qirol Abdulloh" stadionida Saudiya va Avstraliya termalari o'rtasida kechadi hamda uchrashuv yakuniga ko'ra, qaysidir jamoa mundial yo'llanmasiga ega bo'ladi. O'tgan yil 14 noyabr kuni Melburnda kechgan bahsda 0:0 hisobi qayd etilganini ham eslatib o'tish joiz.
Yuqorida aytib o'tganimizdek, buyog'iga Jahon chempionati qurasi qachon degan savol ko'p beriladi. Hozircha kuni aniq emas, faqat shu yilning dekabr oyida o'tkazilishi malum. Qura jarayonini o'zida qabul qilish uchun Los Anjeles, Vashington kabi yirik shaharlar o'zaro bahs olib boryapti. Lekin yakuniy qarorni FIFA qabul qiladi.
Biz esa bayramni nishonlashda davom etamiz va albatta 10 iyun kuni Qatar bilan bo'ladigan o'yinni ham unutib qo'ymaymiz. Garchi mundialga chiqqan bo'lsak-da, bizga FIFA reytingi uchun ochko juda muhim, qolaversa muxlislar ham terma jamoamiz g'alabasidan so'ng bayramni ortig'i bilan nishonlashni xohlaydilar.
X.Xoliqov.