Bugun Oʻzbekiston futbol assotsiatsiyasi murabbiylar kengashining navbatdagi yigʻilishi boʻlib oʻtdi. Unda Oʻzbekiston U-17 terma jamoasining Jahon chempionatiga tayyorgarlik rejalari hamda O‘zbekiston U-18 terma jamoasiga bosh murabbiy tayinlash masalasi muhokama qilindi.
Yig‘ilish davomida, O‘zbekiston U-18 terma jamoasi bosh murabbiyi Askar Xalmuratov boshchiligidagi murabbiylar shtabi tomonidan jamoa olib borgan yigʻinlari, seleksiya, tibbiy, ruhiy va jismoniy tayyorgarlik koʻrsatkichlari boʻyicha ma’lumotlar taqdim etildi.
Oʻz navbatida murabbiylar kengashi a’zolarining Oʻzbekiston U-18 terma jamoasining xalqaro turnirlar va o‘rtoqlik uchrashuvlaridagi ishtiroki yuzasidan tahlil hamda xulosalari tinglandi, tajriba va xatolar ustida ishlash murabbiylarning kelajakdagi faoliyatlarida muhim ahamiyat kasb etishi ta’kidlandi.
Kun tartibidan jamoaga yangi bosh murabbiy tayinlash masalasi ham o‘rin oldi. O‘zbekiston yoshlar terma jamoasining 2027-yilgi U-20 Osiyo kubogi hamda FIFA U-20 Jahon chempionatiga tayyorgarligi reja asosida davom etadi. Tavsiyalar va muhokamalar yakuniga ko‘ra Jamoliddin Rahmatullayev O‘zbekiston U-18 terma jamoasi bosh murabbiyi etib tayinlandi.
Shuningdek, yig‘ilishda terma jamoalarga futbolchilarni seleksiya qilish, jismoniy, texnik va taktik ko‘rsatkichlar bo‘yicha tavsiyalar berilib, jamoalarimiz uchun zarur sharoitlar yaratilishi ta’kidlandi.