- Vadim Karlenovich, o'yin haqida fikringiz?
- Nima deyishim mumkin, bunday o'yinlarni mayda narsalar hal qiladi. Biz bugun og'ir jamoani ko'rdik. Raqib o'yinini buzishga va nimadir qilishga harakat qildik, lekin o'xshamadi. Ikkinchi golni ko'rdingiz, o'yinchi to'pni havolatib uzatmoqchi bo'lgandi, darvozaga kirib ketdi. Yana bir gapni aytishim kerak, bugun gol urgan raqibning har ikki futbolchisiga (Ibrohimxalil Yo'ldoshev va Abrorbek Ismoilov) o'z paytida men katta futbol eshiklarini ochgandim. Ular bugun meni "jazolab" ketdi. Nimayam derdik, futbolda shunaqasi ham bo'p turadi.
- "Bunyodkor" va "Neftchi"ga qarshi bahslarda jamoa o'yini umuman qovushmadi. Lekin stadion liq to'ldi. Balki "Nasaf" bilan bo'sh stadionda jamoa o'ynasa g'alaba qozonar?
- Yo'q, nimalar deyapsiz, kimning bo'sh tribunalar qarshisida to'p tepgisi keladi. Muxlislar qo'llashi bizga juda zarur. O'yin payti muhit ham chiroyli bo'ladi. Ammo bugungi natijaning bunga aloqasi yo'q. Bugun bir nechta yosh futbolchilar maydonga tushdi, ulardan birdaniga nimadir kuta olmaymiz. "Neftchi" qarshi hujumlarda yaxshi harakat qildi deb o'ylayman.
- O'rtada mahoratli pleymeyker etishmayapti.
- Bu fikrga qo'shilaman. Bizga maydon markazini boshqara oladigan yaxshi o'yinchi kerak. Tarkibimizdagi braziliyalik jarohat tufayli mavsum oxirigacha safdan chiqdi. Balki ikkinchi davra oldidan kimnidir taklif etarmiz.
- Bu o'yin qoldirilgan paytda "Neftchi" "Paxtakor"ga 0:4 hisobida mag'lub bo'lgandi. Hozir jamoa o'z o'yinini topib oldi va o'yin endi o'tkazildi. Bu esa muxlislarning noroziligiga sabab bo'lyapti.
- O'yin atayin qoldirilgan, "Neftchi" o'ziga kelib olishi uchun kutilgan degan fikrdan yiroqman. Biz ham, ular ham teng sharoitda bu uchrashuvga tayyorgarlik ko'rdik. Mag'lubiyatga o'zimiz aybdormiz. Bizda ikki nafar markaziy himoyachi safdan chiqqan, natijada himoyada bo'shliq yuzaga keldi.
- Viloyat hokimi jamoa bilan uchrashdi deb eshitdik.
- Ha, shunday bo'ldi. Shaxsan men viloyat rahbari "Dinamo"ga va umuman futbolga befarq emasligidan xursandman. Uchrashuv iliq o'tdi, hamma xursand bo'ldi.
- Oldinda amaldagi chempion "Nasaf"ga qarshi bahs kutyapti.
- Bu o'yinga ham jiddiy hozirlik ko'ramiz. Uyda ketma-ket uchta uchrashuvda yuta olmaslik g'alati bo'ladi. Shu bois nima qilib bo'lsa-da, "Nasaf"ni mag'lub etishga harakat qilamiz. Chempionatda intrigani saqlab qolish uchun ularni yutishimiz kerak.