- Dastlab o'yin haqida fikringiz?
- Bugun ob-havo qanday bo'lganini ko'rdingiz. Judayam issiq bo'ldi. Shu bois har ikki jamoa qiynalib o'ynadi. Birinchi taymda biz yaxshi ko'rindik, tezkor hujum uchun qulay vaziyatlarga ega bo'ldik. Ikkinchi bo'limda esa "Surxon" yaxshi harakat qildi. Bir vaziyatda gol urishimiz mumkin edi, ammo raqib darvozaboni goldan saqlab qoldi. Bugungi ob-havodan kelib chiqsak, durang ijobiy natija deb hisoblayman. Futbolchilarimizga esa rahmat deb qolaman.
- Bir ochko "Buxoro" uchun qoniqarli bo'ldimi?
- Turnir jadvalida yuqorida emasmiz, shu bois har bir ochko biz uchun qadrli. Lekin o'yindagi 100 foizli vaziyatni yodga oladigan bo'lsak, gol urganimizda yanayam xursand bo'lardik. Chunki "Surxon" darvozamiz oldida deyarli vaziyat yarata olmadi. Ularda faqat yarimta imkoniyat bo'ldi deb o'ylayman. To'g'risini aytganda, 0:0dan qoniqdim desam bo'ladi.
- Birinchi davra tugadi, ikkinchi davra oldidan jamoangizda qanday o'zgarishlar bo'ladi?
- Hozircha aniq bir gap ayta olmayman. Oldin klub rahbariyati bilan uchrashamiz, so'ngra bir qarorga kelamiz.
- Bilamizki, Siz paytida terma jamoada o'ynagansiz, qolaversa legioner sifatida ham faoliyat yuritgansiz. Ilgari hujumchilar yarimta vaziyatdan gol urardi, hozir shunday o'yinchilar kamayib ketdi. Bu nima bilan bog'liq?
- Hozir ham yaxshi hujumchilar bor, lekin boshqa hujumchilar haqida gapirmoqchi emasman. O'zimning jamoam haqida gapiradigan bo'lsam, agar futbolchi mashg'ulotda gol ura olmasa-yu, o'yinda uraman deb o'ylasa adashadi. Mashg'ulotlarga o'zini to'liq baxshida etgan hujumchigina o'yinda ham to'p kiritadi.