AQSHda klublar o‘rtasidagi jahon chempionati yakunlandi. Turnir g‘olibi “Chelsi” bo‘ldi – finalda ular “PSJ”ni 3:0 hisobi bilan mag‘lub etdi.
Hal qiluvchi bellashuv “Metlayf Stedium” arenasida o‘tdi va unda 81 118 nafar tomoshabin ishtirok etdi.
Bu musobaqadagi eng yuqori ko‘rsatkich sanaladi. 2025 yilgi klublar o‘rtasidagi JCHda eng ko‘p tomoshabin yig‘ilgan uchrashuvlar ro‘yxatida “PSJ” – “Atletiko” (80 619) va “PSJ” – “Real” (77 542) o‘yinlari ham bor.
Turnirda o‘rtacha tashrif 39 557 nafarni tashkil qildi, jami 2,49 million tomoshabin stadionlarga keldi. Stadionlardagi mavjud o‘rinlarning taxminan 62 foizi to‘ldi. Pley-off bosqichi uchrashuvlariga esa o‘rtacha 54 ming nafar tomoshabin tashrif buyurgan — bu 76 foizli to‘lishni anglatadi.
Tomoshabinlar eng ko‘p “Real”ning o‘yinlariga kelgan (95 foizli to‘lish), eng kam tashrif esa Yaponiyaning “Urava” jamoasi o‘yinlarida kuzatilgan (23 foiz).