Maksim Aleksandrovich, yozgi yig'in yakuniga etdi. Undan ko'nglingiz to'ldimi?
- Ha, to'ldi. Transfer oynasi yopildi va biz o'zimizga kerakli barcha futbolchilarni qabul qilib oldik. Chiziqlar bo'yicha barcha ko'zlagan o'yinchilarimizni oldik. Hamma yangi futbolchilarimiz jam bo'lgan holatdagi mashg'ulotimizni olib bordik. Ikkinchi davraning ilk turidagi o'yin uchun yaxshi tayyorgarlik ko'ryapmiz.
- Selekciya masalasida tarkibga bir nechta o'yinchilar taklif etildi. Siz ko'zlagan barcha futbolchilarni jamoada ko'ryapsizmi?
- Selekciyadan ko'nglim to'ldi. Rejalashtirilgan barcha o'yinchilarni qo'lga kiritdik. Yani, kimni ko'zlagan bo'lsak, o'sha futbolchilarni oldik. Ular turli xil darajadagi jismoniy holatlarga ega. Shuning uchun birinchi uchrashuvdanoq barcha o'yinchilarning xizmatidan foydalana olmaymiz. O'ylaymanki, o'yindan-o'yinga futbolchilarimiz yanada shakllanib boradi. Muxlislarimiz to'liq tarkibni albatta ko'rishadi.
- 3 avgust kuni “Andijon” “Bobur arena”da “Qo'qon-1912”ni qabul qiladi va ishqibozlar jamoaning g'alabasini juda xohlashyapti...
- Ishqibozlardan bizni tinmay qo'llab-quvvatlab turishlarini so'rab qolardim. Har bir o'yinda bizni yanada faol olqishlab turishsa bundan faqat xursand bo'lamiz. O'z o'yinimiz va natijalarimiz bilan ularni xursand qilishga bor kuchimiz bilan harakat qilamiz. O'ylaymanki, har bir uchrashuvdan keyin stadionda muxlislarimiz soni yanada ko'payib boradi. Og'ir vaqtlarda ham, xursandchilik paytlarda ham muxlislar bizni qo'llab-quvvatlab turishlari juda muhim. Tushunib turibmizki, biz o'yinlarimiz va yaxshi natijalarimiz bilan ularni xursand qilishimiz kerak. Har bir uchrashuvda stadionimiz ishqibozlar bilan to'lib turishini juda ham xohlardim. Qolaversa, kerakli natijalarni qo'lga kiritishimiz uchun sabrli bo'lishlarini ham so'ragan bo'lardim. Futbol shunday o'yinki, yutishing ham, yutqazishing ham mumkin. Eng asosiysi, bizni kuchli ishqibozlarimiz bor. Har doim aytganman, “Andijon” fan-klubi O'zbekistondagi eng kuchlisi. Xudo xohlasa, hammasi yaxshi bo'ladi.
- Shuningdek, jamoani bir qator o'yinchilar tark etdi. Masalan, Uskokovich, Turdimurodov...Umuman, ketganlar klub uchun yo'qotishmi?
- Qaysidir manoda biz uchun har bir futbolchining ketishi yo'qotish. Luka Uskokovichni bizga nisbatan qilgan ishi yoqimsiz holat. Men u bilan bir necha bor gaplashdim. Biz futbolchi bilan do'stona xayrlashdik. U davolanish jarayonini o'tkazdi. O'sha davr mobaynida unda qandaydir o'zgarishlar bo'ldimi, bilmadim. To'g'risini aytganda, men u haqida unutib yubordim. Rustam haqida gap ketganda, men doim u tomon bo'ldim. Oxirgi paytlarda futbolchida o'yin amaliyoti kam edi. Shu sababli biz uni ko'proq o'yin amaliyotiga ega bo'lishi uchun boshqa klubda to'p surishini maqul ko'rdik. Chunki futbolchi o'yin amaliyotisiz tez rivojlana olmaydi.
- 15 avgust kuni Osiyo Chempionlar ligasi 2 musobaqasi uchun qura tashlanadi. “Andijon” uchun guruh bosqichida qanday raqiblarni kutyapsiz?
- Deyarli hech narsani kutmayapman. Men o'zimni faoliyatim mobaynida hech qachon qura natijalarini kutmaganman. Evropa Chempionlar ligasida ham quraga etibor qaratmaganman. Men faktlar bilan ish qilaman. Kimga tushishimizdan qatiy nazar baribir o'sha jamoalar bilan o'ynaymiz.
- Siz futbolchi sifatida Krishtianu Ronalduga qarshi o'ynaganingizni bilamiz. Murabbiy sifatida ham yana bir bor unga qarshi to'qnash kelishni xohlarmidingiz?
- Rostini aytsam, menga baribir-u, lekin “Al Nassr”ni biz bilan bir guruhga tushishini xohlamayman (kuladi). O'ylaymanki, ro'yxatdagi jamoalar ichida “Al-Nasr” eng kuchligi va top klublardan biri. Yana qaytaraman, kim tushsa tushsin, baribir qaysidir jamoalar bilan o'ynaymiz-da.