"Albatta, mundial biz uchun tarixiy muvaffaqiyat hisoblanadi. Jahon chempionati futbol olamidagi eng nufuzli turnirdir. Orzumizni ro'yobga chiqarish uchun ko'p yillar davomida tinimsiz mehnat qildik va nihoyat, harakatlarimiz o'z samarasini berdi. Xalqimiz bundan xursand. Ishonchim komilki, bu muvaffaqiyat nafaqat biz uchun, balki butun mamlakatim uchun katta ilhom manbai bo'lib, oldinga tashlangan ulkan qadamdir. Bunday yutuqlar sportning rivojlanishida muhim ahamiyat kasb etadi. Hozirgi kunda yoshlar futbolga tobora qiziqish bildirmoqda, ko'plab ota-onalar esa farzandlarini futbol maktablariga berishmoqda. Bu juda ruhlantiruvchi holat. Bunday surat ko'proq homiylarni jalb qilishga, infratuzilmani yaxshilashga va istedodli futbolchilar safini kengaytirishga yordam beradi.
Ochig'ini aytganda, jamoaga saralash bosqichining o'rtasida qo'shilish oson bo'lmadi. Muhit jiddiy edi, oldinda muhim o'yinlar bor, vaqt esa juda oz edi. Jamoaga tez moslashib, darhol natija ko'rsatishim kerak bo'ldi. Avvalgi saralash bosqichlarida maqsad sari yaqin kelgandik, ammo oxirgi lahzalarda omad yuz o'girgandi. Biroq bu safar oxirigacha bardoshli bo'ldik, yaxshi tayyorgarlik ko'rdik va Jahon chempionatiga yo'llanmani qo'lga kiritdik.
Har bir o'yin o'ziga xos bosimga ega, biroq Abu-Dabidagi uchrashuvning farqi shunda ediki, uning hal qiluvchi ekanligini bilardik. Birgina ochko etarli bo'lishini anglaganimiz sababli, o'ziga xos tanglik yuzaga keldi. Ammo o'zimizga ishonib, puxta tayyorgarlik ko'rdik va pirovardida kerakli natijaga erishdik.
Bizda allaqachon mustahkam poydevor mavjud. Biroq oldimizda hali vaqt va bir nechta o'rtoqlik uchrashuvlari bor. O'yinlarda yangi futbolchilarni sinab ko'ramiz. Biror o'yinchi o'zini ko'rsatsa, albatta, uni tarkibga kiritish masalasini ko'rib chiqamiz. Shu bois, barqarorlikni saqlab qolish bilan birga sog'lom raqobatni rag'batlantirishni maqsad qilganmiz. FIFA kunlaridan to'liq foydalanib, tayyorgarlik uchun iloji boricha ko'proq o'rtoqlik uchrashuvlari o'tkazishni rejalashtirganmiz. Mening fikrimcha, CAFA Millatlar Kubogi ham qimmatli musobaqa hisoblanadi. Bu turnir bizga qisqa vaqt ichida turli jamoalarga qarshi o'ynash imkonini beradi. Shuningdek, u yangi futbolchilarni sinab ko'rish uchun ajoyib imkoniyat. Har qanday uchrashuv va turnir, kichik miqyosda bo'lmasin, tayyorgarligimizda foydali bo'ladi.
O'zbekiston Jahon chempionatida ilk bor ishtirok etadi. Biz uchun hamma narsa yangilik bo'ladi. Shunchaki bunday nufuzli musobaqada qatnashish va tajriba orttirishning qiymati yuqori. Biroq har o'yinga g'alaba qozonish maqsadida yondashamiz. Guruh bosqichidan o'tib, imkon qadar uzoqroqqa borishga erishsak, ajoyib bo'lardi. Mundial yangi sahifa va yangi bosqich hisoblanadi. Jahon chempionati juda muhim ahamiyatga ega.
Top-ligalardagi ishtirok futbolchilarga yuqori darajadagi tajriba orttirish imkonini beradi va ularning bu tajribasini milliy terma jamoada qo'llashiga zamin yaratadi. Evropadagi futbol juda raqobatbardosh, shuning uchun futbolchilarimiz u erda o'ynab, kuchli va etuk bo'lib bormoqda. Bu esa milliy terma jamoaga katta foyda keltirmoqda", – dedi Kapadze.
Avvalroq terma jamoa ustozi Argentina va Urugvay bilan o'yinlar haqidagi malumotlar haqiqatga yaqin ekanini takidlagan edi.