Joriy yil "Neftchi"da Alovuddinning shamchirog'i paydo bo'ldiki, Ronaldu va Messidan tashqari istagan futbolchisiga rad etib bo'lmaydigan takliflar bilan chiqishdi. Vitaliy Levchenkodan esa tayyor mahsulotlardan jamoa tuzish qolgandi. Deyarli har bir intervyusida xatolar ustida ishlashni va bu malum vaqt talab qilinishi aytishdan charchamaydigan murabbiy lavozimiga tayinlangan muddatni inobatga olsak, hozirga qadar stadion qorovuligacha yaxshi tasavvurga ega bo'lishi kerak edi.
Qishda yig'ilgan tarkibda ham nomlar shu darajada ediki, quloqqa chalinishining o'ziyoq, moliyaviy jihatdan imkoniyati cheklangan jamoalar yuragiga g'ulg'ula solishi tabiiy edi. Qishda yig'ilgan tarkib, men tengi avlod televizor ostida yonboshlab tomosha qilgan "Qor bolalari" singari engilmas jamoa sifatida ko'rilgandi. "Engilmas" murabbiy Levchenko qo'l ostida ushbu jamoa dastlabki besh nazorat o'yinining to'rttasida durang o'ynadi.
Ehtimol, birinchi davraning so'nggi turlarida natijalar bilan fikrimga qarshi chiqishingiz mumkin. Biroq chempionlik uchun kuragayotgan jamoa turnir jadvalidagi dastlabki olti jamoa ichidan faqatgina "Dinamo"ni mag'lub eta oldi. Mana shu faktning o'zi ham murabbiyning qudratini belgilab bera oladi.
Agar bu ham etarli bo'lmasa, O'zbekiston kubogida "Mashal" bilan o'yinni hech qanday izohsiz keltirishning o'zi kifoya.
Birinchi davraga nisatan tarkib jihatdan kuchsizlangan "Bunyodkor"ga qarshi o'yindan so'ng Levchenko matbuot anjumanida qaysi muammolar ustida ishlash kerakligini yaxshi bilishi, avvalo, himoyadagi xatolarni to'g'rilashi kerakligini takidladi.
Eng avvalo himoya chizig'idan qayg'urayotgan murabbiy yozgi transferlar oynasida birorta himoyachi olish borasida bosh qotirmasdan faqatgina oldingi chiziqqa urg'u berishda davom etdi. Vaholanki, farg'onaliklar 16 o'yinda 15 ta, yani o'rtacha har bir o'yinda bir martadan boshlarini changallashiga to'g'ri kelmoqda.
Qiziq tomoni, "Neftchi" o'tkazib yuborgan gollar ko'pgina holatlarda bir-birini takrorlamoqda. "Bunyodkor"ga qarshi o'yindagi ikkinchi golni olaylik: o'ng qanotdan jarima maydoni markaziga pas va bir urinishda zarba "Paxtakor" bilan o'yinda o'tkazib yuborilgan golni yodga soladi. Yoki undan avvalgi uchta gol o'tkazib yuborilgan uchrashuvlarni yodga olaylik – "Qizilqum", "Mashal", OKMKga qarshi bahslarning barchasida burchak zarbasi natijasida gol qabul qilib olindi.
Orqa chiziqda muammolar bo'la turib, murabbiy shamchiroqdan hujumchi ustiga hujumchi so'radi. Transferlar borasida ham malum shubhalarim bor. Odilovni inobatga olmaganda, bir vaqtlar o'zining eng yorqin damlarini o'tkazgan, ammo hozirda yaxshi formada bo'lmagan Nimeli va Kojoning jalb etilishi tushunarsiz tavakkal edi.
Nimeli 2024/25 yilgi mavsum 18 o'yinda 880 daqiqa harakat qilib, atigi 1 ta gol urdi. Kojo esa 18 uchrashuvda 3 ta to'p kiritishga muvaffaq bo'ldi. Ehtimol, ular yana o'tmishini takrorlashar, biroq bu hodisa doim sodir bo'lavermaydi.
Superligada hali hech narsa boy bermagan "Neftchi" qanday holatda bo'lmasin, yana qancha ochko yo'qotmasin, mavsum yakunida kamida kuchli uchlikdan joy olishiga ishonchim bor. Shu bilan birga, murabbiyning faoliyatini davom ettirishiga ham. Biroq xatolarni yaxshi bilishning o'zi kamlik qiladi, uni to'g'rilash va o'z yo'liga tushirish muhim ahamiyatga ega.
Mukammal jihozlangan avtomobil poygada yutqazayotgan payt uning ehtiyot qismlarini hadeb o'zgartiraverish emas, balki haydovchini almashtirish haqida o'ylab ko'rish kerak, menimcha.
Har holda, "Neftchi" muxlislari bundan ko'proq va yorqin g'alabalarga munosib.
Oqil Abdubarnoev