Championat.asia sayti talqiniga ko'ra 19-turning eng yaxshi darvozaboni – Edem Nemanov ("Dinamo")
"Dinamo" bu turda o'z maydonida Olmaliqning OKMK klubini qabul qildi va 1:0 hisobida g'alabaga erishdi. Bu g'alaba qo'lga kiritilishida mezbonlar posboni Nemanovning hissasi katta bo'ldi. U uchrashuv mobaynida bir necha bor jamoasini muqarrar gollardan asrab qoldi. Tur darvozaboni bo'lish uchun "Qizilqum" posboni Sanjar Quvvatov va "So'g'diyona" vakili Milan Mitrovich ham kurashdi, ammo yakunda Edem Nemanov Championat.asia talqinida 19-turining eng yaxshi darvozaboni deya etirof etildi.
Championat.asia sayti talqiniga ko'ra 19-turning eng yaxshi murabbiyi – Vitaliy Levchenko ("Neftchi")
"Neftchi" bu tur Namanganda "Navbahor" mehmoni bo'ldi va 1:0 hisobida g'alabaga erishdi. "Lochinlar" bu mavsum o'z maydonida hali hech kimga yutqazishmagan edi. O'tgan turda "Nasaf"ning mavsumdagi ilk mag'lubiyatiga sababchi bo'lgan Vitaliy Levchenko bu safar Namanganda g'alabaga erishib xeyterlarga javob berdi. Tur murabbiyi bo'lish uchun "Dinamo" va "Qizilqum" bosh murabbiylari ham davogarlik qilishdi. Biroq vodiy derbisidagi g'alaba toshi og'irroq bosdi. Shu tariqa, Vitaliy Levchenko Championat.asia talqiniga ko'ra turning eng yaxshi murabbiyi deb topildi.
Championat.asia sayti talqiniga ko'ra 19-turning eng yaxshi futbolchisi – Matiya Krivokapich ("Bunyodkor")
"Bunyodkor" bu tur o'z maydonida "Buxoro"ni qabul qildi va 2:1 hisobida g'alabaga erishdi. "Bunyodkor"ga yozda kelib qo'shilgan legioner hujumchi Matiya Krivokapich dastlab gol urdi va so'nggi soniyalarda aynan uning to'p uzatishidan keyin sherigi g'alaba golini urdi. Tur futbolchisi bo'lish uchun Sharof Muhitdinov va Hojiakbar Alijonov kurashdi, ammo legioner hujumchi yutib ketdi. Shu tariqa Matiya Krivokapich Championat.asia talqiniga ko'ra, 19-turning eng yaxshi futbolchisi bo'ldi.
Championat.asia sayti talqiniga ko'ra 19-turning eng chiroyli goli muallifi – Hojiakbar Alijonov ("Paxtakor")
"Paxtakor" bu tur o'z maydonida "So'g'diyona"ni qabul qildi va 2:0 hisobida zafar quchdi. 73-daqiqada Alijonovning chap oyoqda yo'llagan kuchli zarbasi Mitrovich qo'riqlayotgan darvozaning uzoq yuqori burchagiga kirib ketdi. Eng chiroyli gol muallifi bo'lish uchun Shahzod Rahmatullaev va Sherzod Nasrullaev ham davogar edi. Shunday qilib, Hojiakbar Alijonov Championat.asia sayti talqinida turning eng chiroyli gol muallifi deb topildi.