Bahsda mehmonlar 2:0 hisobida g'alaba qozondi. 22-daqiqada Husniddin Aliqulov avtogol muallifiga aylangan bo'lsa, 62-daqiqada Enis Bardi hisobni oshiruvchi golni urdi.
Qayd etish joiz, Joze Mourinyuning sobiq yordamchisi Joze Moraish qo'l ostidagi "Bodrumspor" 7 o'yindan beri mag'lubiyat nimaligini bilmay kelmoqda, shuningdek, o'z darvozasidan to'p ham olib chiqqani yo'q.
Ushbu bahsning O'zbekiston MTJ uchun noxush tomoni bor. Sababi 45+1-daqiqada "Rizespor" himoyachisi Husniddin Aliqulov havodagi kurashda raqib bilan to'qnashib ketib, jiddiy shikastlandi va o'z o'rnini Atilla Mochiga bo'shatib berdi. Tasdiqlanmagan xabarlarga ko'ra, o'zbekistonlik himoyachining burni singan bo'lishi mumkin.
Aliqulov o'tgan yili Osimxen bilan to'qnashib, yanoq suyagini sindirib olgan va o'yinlarda niqob taqib harakatlanishga majbur bo'lgan edi.
Eslatib o'tamiz, O'zbekiston terma jamoasi 20 mart kuni Toshkentda Qirg'iz Respublikasi bilan, 25 martda esa Tehronda Eron bilan ro'baro' keladi. Aliqulov mazkur bellashuvlar uchun Timur Kapadze tomonidan chaqiruv olgan edi.