Assalomu alaykum! Uchrashuvni barchanglar ko'rdinglar, to'g'risi, bahsning bunday kechishini kutmagandim. Bugungi mag'lubiyat uchun aybni o'z zimmamga olaman. Chunki jamoaning tayyorgarligiga men masulman. Aslida shogirdlarim yutqazishni xohlashmadi va oxirigacha o'yinda burilish yasashga intilishdi. Lekin uchrashuvning 1-bo'limidagi xatolar yakunda mehmonlarga g'alaba keltirdi.
- Jamoani boshqarishda qiyinchiliklar bo'lmayaptimi? Futbolchilar ko'rsatmalaringizni bajarishyaptimi?
- Bu Superligadagi endigina uchinchi o'yinim. Menda hali tajriba yo'q. Lekin yigitlar ko'rsatmalarimni amalga oshirishyapti. Lekin bu futbol. Futbolda esa hamma narsa yuz berishi mumkin. O'yinchilar maydonga tushishganidan so'ng, Namangan ahli va “Navbahor” uchun maydonda barcha imkoniyatlarini ishga solishlari lozim.
- Bugungi bellashuvda ikki xil bo'lim guvohi bo'ldik. “Navbahor” jamoasi azolari 2-bo'limda boshqacha o'yin namoyish etgan holda, uchrashuvda burilish yasashga intilishdi. Lekin hujumlar yakuniga etmadi. Tanaffusda shogirdlaringizni qayday ruhlantirdingiz? Umuman olganda, bugungi tarkibdagi futbolchilarning harakatlari hamda o'yindan qoniqdingizmi?
- Takidlaganimdek, Superligadagi murabbiylik borasida menda tajriba kamroq. Vaqti-soati bilan tajribaga ega bo'lamiz, albatta. Yigitlarga “Navbahor” muxlislarini doimo xursand qilish kerakligi, chunki ular bundan ko'prog'iga loyiq ekanliklarini uqtirdim.
So'nggi mavsumlarda jamoamizning chempion bo'lishiga bir qadam qoldi, ikki marta O'zbekiston kubogi finaliga qadar etib bordi. Ushbu so'zlarim bilan ertaga chempionlikni olib beraman, demoqchi emasman. Shunchaki, “Navbahor” muxlislari ijobiy natijalarga loyiq ekanliklarini takidlamoqchiman, xolos.
Tarkib borasida to'xtaladigan bo'lsam, mashg'ulotlarda qaysi futbolchilar yaxshi ishtirok etishsa, o'yinga tayyor bo'lishsa, o'sha o'yinchilarni maydonga tushirdim. Ikkinchi bo'limda jamoa o'yinini kuchaytirish uchun Muhammadali G'iyosov, Shohmalik Komilovlarni zaxiradan maydonga tushirish rejamda avvaldan bor edi.
- Urilmagan penalti o'yinga qanchalik tasir o'tkazdi?
- Balki, o'sha 11 metrli jarima zarbasi urilganida, ikkinchi bo'limda boshqacha o'yin tomosha qilishimiz, uchrashuv natijasi ham o'zgacha bo'lishi mumkin edi. Biroq, bu bilan bahona izlamoqchi emasman. Aytilganidek, yutsa, jamoa yutadi, yutqazsa, murabbiy. Hozircha tajribam kamroq.
- “Navbahor”ning U-21 yoshlar jamoasidan ham asosiy tarkibga futbolchilar jalb etiladimi?
- Shunday rejamiz bor. Albatta, yoshlar jamoamizdagi 3-4 nafar futbolchini asosiy tarkibga jalb etish rejamizda bor.Buni klub rahbariyati bilan kelishgan holda, amalga oshiramiz.
- Jamoada shtatli penaltichi bormi yoki qaysi futbolchida ishonch yuqori bo'lsa,11 metrli jarima zarbasini amalga oshiradimi? Boisi, penaltilarni turli futbolchilar amalga oshirishmoqda. Oldingi bellashuvda Abbosjon G'ulomov penaltini amalga oshirgan bo'lsa, bugungi bahsda Ruslanbek Jiyanov 11 metrli jarima zarbasini tepdi. Bu borada nima deya olasiz?
- Har bir o'yindan oldin standart vaziyatlar va penaltilarni qaysi futbolchilar amalga oshirishini aniqlab beraman. Bizda shtatli penaltichilar ko'p. Bular: Azimjon Ahmedov, Abbosjon G'ulomov, Ruslanbek Jiyanov va Zabihillo O'rinboevlar. Ulardan qaysi birida ishonch kuchli bo'lsa, penaltini o'sha futbolchi amalga oshiradi. Bugungi bahsga Azimjon Ahmedov, Abbosjon G'ulomov hamda Ruslanbek Jiyanovlarni penaltichi sifatida tanlagandim.
- Zabihillo O'rinboev avvalgi 2 ta bellashuvda maydonga tushmagandi. Lekin bugungi bahsda asosiy tarkibdan joy oldi va unga ko'proq imkoniyat berlingiz. Ushbu holatni qanday izohlaysiz?
Zabihillo O'rinboevdagi xohishni ko'rib, uni asosiy tarkibda maydonga tushirdim. U mashg'ulotlarda astoydil shug'ullandi. Bugungi o'yinni 2 nafar hujumchi bilan boshlashga qaror qildim. Shuning uchun O'rinboev boshlang'ich tarkibdan o'rin oldi. To'g'ri, bu bahona bo'lishi mumkin. Emociyaga beriluvchan bo'lganligim bois, haligacha bugungi uchrashuv holatidan chiqib ketolganim yo'q. Anchagacha o'zimga kelolmasam ham kerak. Yigitlar ko'rsatmalarni kerak bo'lsa, ming foizga bajarishlari shart. Bunday tezlik bilan futbol o'ynab bo'lmaydi. Millionlar o'yinida tezroq fikrlash, to'pni tezroq jamoadoshiga etkazib berish lozim. Kamchiliklar ustida ishlab, uni bartaraf etishga harakat qilamiz.Barcha murabbiylarda mag'lubiyatli o'yinlar bo'lib turadi. Keyingi bahslarda muxlislarni xursand qilishga intilamiz.
- Bugungi o'yinda Benjamin Teydi va Julio Sezarlar nima uchun maydonga tushishmadi?
- Teydining mashg'ulotda oyog'i sinib qoldi, u endi ikki haftacha maydonga tusha olmaydi. Sezar darajasidagi futbolchilar esa o'zimizda ham bor. Shuning uchun mahalliy, yosh o'yinchilarga imkoniyat berishga qaror qildim. Ular ham sekin-asta tajribalarini oshirib borishlari lozim.Namanganda iqtidorli futbolchilar ko'p. Ularga ham imkoniyat berish lozim.
- “Navbahor”ga bosh murabbiy sifatida tayinlanayotganingizda klub rahbariyati bilan suhbatlashgansiz, albatta. Oldinda jamoaning yana 5 ta uchrashuvi bor. Sizga qandaydir vazifa qo'yilganmi, shuningdek, kelasi mavsumga ham qandaydir rejalar bormi?
- Aytganimdek, bu mening Superligadagi uchinchi o'yinim va hali menda tajriba kam. Hozir nimadir desam, bu bahonaga kirib qoladi. Bu borada hech narsa deya olmayman. Mendan avvalgi murabbiy Sergey Lushan ham imkoniyati darajasida faoliyat olib bordi, harakat qildi. Yigitlarga tezkorlikni kuchaytirish lozimligi, yo'qsa, qiyin bo'lishini takidladim.
Menga joriy mavsumni yakunlab qo'yish vazifasini qo'yishdi. Namanganlik bo'lganim, “Navbahor” menga qadrdon bo'lganligi bois, tavakkal qilgan holda, jamoani qabul qildim.Bunday holatda chetda turolmasdim. Buyog'i, barchasi Allohdan.Oldindan bashorat qila olmayman.
– Keyingi bahsda “Navbahor” “Qo'qon-1912” jamoasi mehmoni bo'ladi. O'sha bahsda yosh futbolchilarga ham imkoniyat berasizmi?
- Aytganimdek, Namanganda iqtidorli o'yinchilar ko'p. Balki, Asadbek Jo'raboev va Navro'zbek Iminjonovlar Qo'qondagi bahsda asosiy tarkibdan o'rin olishar. Buni klub rahbariyati bilan maslahatlashgan holda hal etamiz.