Yurtimiz so‘nggi yillarda FIFA va OFK miqyosidagi yirik musobaqalarni qabul qilish borasida katta qadamlar tashlamoqda. Xususan, tarixda ilk bor 2029-yilda ayollar o‘rtasidagi Osiyo kubogi O‘zbekistonda o‘tkaziladi. Bugun O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasida mazkur musobaqaga tayyorgarlik rejalari muhokama qilindi. Uchrashuvda O‘FA rahbariyati, OFK bosh kotibining o‘rinbosari Shin Man Gil, OFK musobaqalarni tashkil etish bo‘limi boshlig‘i Avaz Berdiqulov va musobaqalarni o‘tkazish menejeri Xinan Yin ishtirok etdi.
O‘FA birinchi vitse-prezidenti Ravshan Irmatov O‘zbekistonda ayollar futbolini rivojlantirish alohida strategiya asosida amalga oshirilayotganini ta’kidlab, 2029-yilgi Osiyo kubogi o‘zbekistonlik ayol-qizlar uchun katta motivatsiya bo‘lishini qayd etdi. Shuningdek, mahalliy tashkiliy qo‘mita musobaqani yuqori saviyada o‘tkazish uchun barcha imkoniyatlar safarbar etilishini ma’lum qildi.
OFK bosh kotibining o‘rinbosari Shin Man Gil O‘zbekiston yirik musobaqalarni o‘tkazish bo‘yicha katta tajribaga ega ekanini ta’kidlab, yoshlar va o‘smirlar o‘rtasidagi qit’a musobaqalari yuqori saviyada o‘tkazilganini e’tirof etdi. U, shuningdek, 2029-yilgi Ayollar Osiyo kubogi ham tarixdagi eng yaxshi musobaqalardan biriga aylanishiga ishonch bildirdi.
Uchrashuv davomida OFK va O‘FA vakillari 2029-yilgacha amalga oshiriladigan ishlar rejasini muhokama qildilar. Jumladan, mezbon hududlar va stadionlarni aniqlash, musobaqa ramzlari va logotiplarini yaratish, qur’a tashlash marosimi hamda uchrashuv sanalarini belgilash, mashg‘ulot maydonlari, transport, logistika, mehmonxonalar, xavfsizlik, media, translatsiya va promoshn kabi yo‘nalishlardagi keyingi rejalar ko‘rib chiqildi.