
"Elit Ligadagi yana bir qiyin raqib kutib turibdi. "Al Vahda" joriy mavsumda deyarli mag'lub bo'lmagan ekan. Juda yaxshi shakllangan jamoa ekan. Ertaga og'ir o'yin bo'lishi aniq. Raqib haqida yigitlarga to'liq malumot taqdim etishga harakat qildik. Guruhdagi vaziyatni o'nglashga harakat qilamiz", - dedi Ro'ziqul Berdiev.
"O'yinga jiddiy tayyorgarlik ko'rdik. Ertaga g'alaba qozonib, muxlislarni xursand qilishga harakat qilamiz", - Husayn Norchaev.
Muxlislar "Nasaf"dan g'alaba kutishmoqda. Ushbu uchrashuv Elit OCHLdagi vaziyatni burib yuborishi mumkin. Ertangi jangga jamoani qanchalik tayyorlay oldingiz?
Muxlislar bizdan har bir o'yinda yaxshi natija kutishadi. Buni his qilamiz. Chempionatmi yoki Elit Liga farqi yo'q. "Al Vahda"ga qarshi bahs taqdirimizni hal qilishi mumkin. Bunday imkoniyatdan foydalanishga harakat qilamiz. G'alaba va ilk ochkolarni qo'lga kiritish juda muhim. Yaxshi natijaga erishishga umid qilyapmiz.

Husayn Norchaevga savol
Jamoaning hozirgi holatidan kelib chiqqan holda futbolchilarda bosim yo'qmi?
Bosim yo'q. Biz jiddiy tayyorgarlik ko'ryapmiz. Eng yaxshi o'yinimizni ko'rsatib, g'alaba qozonishga harakat qilamiz.
"Al Vahda" bilan 2017 yilda ham to'qnash kelgan edingiz. Ushbu vaqt ichida raqib qanchalik o'zgardi deb o'ylaysiz?
Ancha vaqt o'tib ketdi-ku. Menimcha, 2001 yili "Al Vahda" bilan o'ynaganmiz. 2017 yilda esa "Al Vasl" bilan o'ynaganmiz. "Al Vahda", "Istiqlol" va "Al Quveyt"ga qarshi o'ynaganmiz. O'sha vaqtlarda Chempionlar Kubogi degan turnir bo'lardi. Biz guruhdan chiqib, yarim finalga qadar etib borganmiz. Ko'pchilik hozir buni eslamaydi. Yarim finallar bahslari Eronda bo'lib o'tgan edi. Uchinchi o'rin uchun "Istiqlol"ga qarshi o'ynaganmiz. Adashmasam, "Seul" yoki "Samsung" chempion bo'lgan edi. Uzr, savoldan boshqa mavzuga o'tib ketdik, ammo yaqin orada "Al Vahda"ga qarshi o'ynamadik. 2017 yilda "Al Vasl" bilan o'ynagandik, menimcha.

"Nasaf" o'sha vaqtlarda yarim finalga qadar etib borgan dedingiz. Bunday yaxshi natijalarning sababi nimada? "Nasaf"da moliyaviy imkoniyatlar yaxshi bo'lganmi yoki bunday natijaga ishtiyoq tufayli erishilganmi?
Arablar legionerlarga etibor qaratadi. "Shabab Al Ahli" tarkibida ham 15tacha legioner bor edi. O'sha vaqtlarda ular bizdan oldinda emas edi. Hozir arablar o'z darajasini legionerlar tufayli yaxshilab oldi. Koreya va Eron klublari har doim kuchli bo'lib kelgan. Arab mamlakatlari so'nggi yillarda legionerlarga ko'proq etibor qarata boshladi. "Nasaf" o'sha vaqtlarda ham tajribali futbolchilarga ega edi. Shu sababli xalqaro maydonda yaxshi ishtirok etganmiz.
"Nasaf" Superligada va OCHLda o'ynamoqda. Hozir bir frontni tanlash vaqti keldi. "Nasaf" chempionlikka etibor qaratib, keyingi yil yana OCHLda o'ynashi kerakmi yoki OCHLga urg'u berib ko'proq ochko to'plashga intilish kerakmi?
Biz ketma-ket ikkinchi mavsumda shunday holatga tushyapmiz. Joriy mavsumda ham ko'proq etiborni Superligaga qaratyapmiz. OCHLdagi raqiblarga qarshilik ko'rsatish qiyin. Yaxshi tarkib bo'lishi kerak. Elit OCHLda keyingi bosqichga chiqsak yaxshi bo'lardi. Superliga ham oson kechmayapti. Joriy mavsumda chempionlik masalasi so'nggi turda hal bo'lsa kerak.
"Al Vahda" to'pga egalik qilishga intiladigan jamoa ekan. Raqibning ushbu jihatini qanday bartaraf etmoqchisizlar?
To'g'ri takidlab o'tdingiz. Jamoa o'yinchilari ham yuqori texnikali. Biz ertaga o'zimizga kerakli natija uchun borimizni beramiz. So'nggi ikki kun davomida mashg'ulot o'tkazmay, tiklanishga etibor qaratdik. Ertaga mazmunli o'yin emas, natija uchun harakat qilsak to'g'ri bo'ladi.