
Bugun Doha shahrida 2025-yilgi FIFA U-17 Jahon chempionati start oladi.
O‘zbekiston U-17 terma jamoasi o‘smirlar o‘rtasidagi Jahon chempionatlarida 4-bor ishtirok etmoqda. Jamoamiz 2011 (Meksika) va 2023-yilgi (Indoneziya) musobaqada chorak finalga qadar yetib borgan. 2013-yil Birlashgan Arab Amirliklarida o‘tgan mundialda esa 1/8 final bosqichida ishtirokini yakunlagan.
Islombek Ismoilov boshqaruvidagi jamoamiz 2025-yilgi FIFA U-17 Jahon chempionatining “J” guruhida Paragvay, Irlandiya va Panama o‘smirlar terma jamoalariga qarshi bahs olib boradi.
Paragvay
Yo‘llanma: U-17 Janubiy Amerika chempionati — 5-o‘rin
Mundialdagi ishtirok: 5
Eng yaxshi natija: Chorak final (1999, 2019)
Murabbiy: Mariano Uglessich
E’tiborga loyiq o‘yinchi: Alan Ledesma

Ledesma U-17 Jahon chempionati yo‘llanmasini qo‘lga kiritishda Paragvay jamoasining muhim o‘yinchisi bo‘ldi. Jamoa sardori sifatida u maydon markazida o‘yinni boshqaradi va kurashuvchanligi bilan ajralib turadi. U, shuningdek, U-17 Janubiy Amerika chempionatida Paragvay ikkita penalti seriyasida g‘alaba qozongan va ularda o‘z zarbasini aniq amalga oshirib, jamoasining g‘alabasiga hissa qo‘shdi.
Panama
Yo‘llanma: KONKAKAF U-17 saralash bosqichi — guruh g‘olibi
Mundialdagi ishtirok: 3
Eng yaxshi natija: 1/8 final (2011)
Murabbiy: Leonardo Pipino
E’tiborga loyiq o‘yinchi: Estevis Lopes

Chap qanot hujumchisi — Lopes murabbiy Leonardo Pipinoning tizimida muhim o‘rin tutadi. U KONKAKAF U-17 saralash bosqichida Panamaning uchta golida qatnashgan, ijodkorligi hamda aniq va kuchli zarbasi bilan o‘yinni o‘z foydasiga o‘zgartira oladi. Hozirda u Panamaning “Costa del Este” klubidan “River Pleyt” yoshlar jamoasiga ijarada o‘ynamoqda.
Irlandiya
Yo‘llanma: UEFA U-17 Yevropa chempionati final bosqichi qatnashchisi
Mundialdagi ishtiroklar: 0
Eng yaxshi natija: Yo‘q
Murabbiy: Kolin O’Brayn
E’tiborga loyiq o‘yinchi: Jeyden Umeh

Tezkor, ijodkor va gol urishga moyil hujumchi Umeh Portugaliyaning “Benfika” klubi safida to‘p tepadi. U 2024-yilda Portugaliyaga ko‘chib o‘tgan va Irlandiya bosh murabbiyi Kolin O’Braynning aytishicha, u “Benfika” akademiyasiga qo‘shilgach, o‘yini sezilarli darajada yaxshilangan. Umehning akasi Franko ham professional futbolchi bo‘lib, hozir Irlandiya U-21 terma jamoasida o‘ynaydi.
Eslatib o‘tamiz, 17 yoshgacha futbolchilar oʻrtasidagi FIFA Jahon chempionati joriy yilning 3–27-noyabr kunlari Qatar yashil maydonlarida boʻlib oʻtadi. O‘zbekiston U-17 terma jamoasi turnir doirasidagi ilk uchrashuvni 5-noyabr kuni Paragvayga qarshi o‘tkazadi.