
- O'yin haqida fikringiz?
- Uchrashuvni yaxshi boshladik va 5-daqiqadayoq gol urishga erishdik. Umuman olganda birinchi taym to'liq jamoamiz ustunligida o'tdi. Negadir ikkinchi bo'limning dastlabki 20 daqiqasida o'zimizni ko'rsata olmadik. Keyin esa yana o'zimizga kelib to'rtinchi to'pni kiritib g'alabaga erishdik.
- Ikkinchi bo'limda o'tkazilgan ikkita gol haqida nima deya olasiz? Jamoa uxlab qolgandek tuyulmadimi?
- To'g'ri, ozgina shunday bo'ldi. Yigitlar sal xotirjamlikka berildi. Vaholanki, tanaffus paytida hali o'yinni yutmadik, bo'shashmanglar deb aytgandik.
- "Paxtakor" yaqinda Kubok finalida o'ynadi, ko'p kuch yo'qotdi va jismoniy jihatdan "Bunyodkor" yaxshiroq holatda deb taxmin qilgandik. Ammo jamoangiz birinchi taymni zo'r o'tkazdi, hisob hatto 5:0 bo'lishi mumkin edi. Savolim: futbolchi almashtirishlar kech amalga oshmadimi?
- Almashtirishlarni kech qildik deb o'ylamayman. O'tgan o'yindan keyin tarkibda ozroq rotaciyani amalga oshirdik. Kim ko'proq o'ynagan bo'lsa dam berdik. Aytganimdek, ikkinchi taymning 20 daqiqasi "Bunyodkor" ustunligida kechdi. Biz qanotlarni yangilashimiz kerak edi, shu bois zaxiradan qanot futbolchilarini tushirdik.
- Chempionlik poygasi haqida gapirib o'tsangiz.
- Har o'yindan keyin bir gapni takrorlab kelyapmiz, yani "Paxtakor" oxirigacha kurashadi. O'zimizning ochkolarni yig'ib olsak uyog'i nima bo'lishini vaqt ko'rsatadi.
- Hojiakbar Alijonov bilan Igor Sergeev bugun asosiy tarkibda o'ynadi. Negadir Sergeevda faollik ko'zga tashlanmadi. Hojiakbar esa o'zini zo'r ko'rsatdi. Keyingi uchta o'yinda ham Hojiakbar asosiy tarkibda tushadimi?
- "Xorazm" bilan kechgan bahsda Hojiakbarga dam bergandik. Keyin u Kubok finalida maydonga tushdi va bugun ham to'liq o'ynadi. Alijonov eng yaxshi futbolchilarimizdan biri va u buni bir nechta o'yindan beri isbotlab kelyapti. Ham klubda, ham terma jamoada o'zini ko'rsata olyapti. Sergeev haqida gapiradigan bo'lsak, unga bitta imkoniyat berilsa gol uradigan hujumchi. Bugun u to'p kiritmagan bo'lsa ham jamoaga foydasi tegdi.
- "Nasaf"ning ikki etakchisi "Paxtakor" bilan kelishib bo'ldi degan gapni eshitdik, qolaversa Ratino haqida ham gap-so'zlar chiqqan.
- Jamoamizda nima o'zgarishlar bo'lishini qishda ko'rasizlar.