
O'yindan keyingi matbuot anjumanida "Al Vahda" bosh murabbiyi va uchrashuvning "Eng yaxshi futbolchisi" Favor Ogbu ishtirok etdi.
- Murabbiyga savol: o'yin haqida fikringiz?
- O'yin biz kutgandek yaxshi kechdi va g'alaba qozondik. Bugun kim uchundir adolatli, kim uchundir adolatsiz hisob bo'ldi. Futbolda doim shunday bo'ladi. Bugungi g'alabamizning asosiy sababi intizom va xarakterda deb o'ylayman. Chunki 0:1 hisobida ortda borayotgandik. Bundan chiqib ketish oson bo'lmadi. Ikkinchi taymda ikkita standart vaziyat bahs taqdirini hal qildi. Bazi futbolchilarimiz bu uchrashuvda ishtirok eta olmadi, lekin maydonga tushganlar ularning yo'qligini bildirmadi. Ikkinchi taymda o'yin yanada bosimli kechdi. Biz tavakkal oldinga yugurmasdan o'z paytimiz kelishini kutdik, futbolchilar bir-birlarini qo'llab turishdi. Jamoam o'sishda davom etyapti, bu esa yoqimli hissiyotlarni beradi. O'ylashimcha, "Nasaf"ning bugun shunchaki omadi kelmadi. Ularda ham gol urish uchun imkoniyat bo'ldi. Jamoada yaxshi futbolchilar ko'p ekan. Shunday bo'ldiki, bugun uman gol urmagan futbolchimiz to'p kiritdi, bu ham omadimiz kelganidan.
Favor Ogbu:
- Men Qarshiga kelganimdan xursandman. O'yindan va g'alabadan ham xursandman.
- Futbolchiga savol: bugungi gol tasodifmi yo omadmi?
- O'ylaymanki, bu mehnat samarasi.
- Bosh murabbiyga savol: Tanaffusda futbolchilarni g'alabaga qanday ishontirdingiz?
- Biz yaxshi o'yin namoyish etayotganimizni aytdim. Futbolchilar bir-birlariga ko'p marta to'p uzatishdi, lekin zarba beradigan topilmadi. "Nasaf" zarba berib gol urdi. Bizga shu narsa etishmayotgandi. Shundan so'ng men ham futbolchilarga zarba berish kerakligini uqtirdim. Faqat pas bergan bilan ish bitmaydi, g'alaba qozonish uchun gol urish kerak. Bazan futbolchilar buni eshitmaydi, bazan eshitishadi. Bugun hartugul eshitishdi.
- Agar durang natija qayd etilganida, bu siz uchun qoniqarli bo'larmidi?
- Biz g'alaba uchun harakat qilamiz, chunki har bir qo'lga kiritilgan uch ochko jamoani yuqoriga ko'taradi. Diqqat etiborni yutuqqa qaratdik. Buning uchun hamma qattiq mehnat qildi. Shuni aytishim mumkin, yutuqqa erishish oson bo'lmadi.
- "Al Vahda" Elit OCHL finaligacha etib bora oladimi?
- Inshoolloh, shunga umid qilamiz. Finalga chiqish bizning orzumiz. To'g'ri yo'ldamiz, lekin hali manzil uzoq. Elit Osiyo chempionlar ligasi juda yaxshi turnir, bu erda kuchli jamoalar ko'p. Biz avvalo birinchi bosqichdan o'tib olishni o'ylashimiz kerak. Musobaqani yutaman degan jamoalar ko'p, biz ham shulardan biri bo'lishni xohlaymiz.