
Havaskor jamoalar o'rtasidagi birinchilikda o'nta jamoa ishtirok etmoqda.
Mazkur turnir mamlakatimizda futzal sport turini yanada ommalashtirish, uni aholining quyi qatlamlarigacha etkazish, yosh istedodlarni kashf etish va ularni professional musobaqalarga tayyorlash kabi yuksak maqsadlarni o'z ichiga olgan. Musobaqaning ilk mavsumi dastlabki turiyoq ijobiy natijalarga umid va ishonch uyg'otmoqda.
1-turdan o'rin olgan uchrashuvlar tomoshabopligi va murosasiz kurashlarga boy o'tgani bilan ajralib turdi. Katta futzal muhitini his etgan mahoratli o'yinchilar bilan bir qatorda, o'smirlar va havaskorlar ham maydonda faol ishtirok etmoqda. Ular olayotgan taassurotlarni so'z bilan ifodalash qiyin. Ishtirokchilarning ko'zlaridagi g'alabaga chanqoqlik, futzalga bo'lgan mehr-muhabbat bu sport turining xalq orasida qay darajada sevilishi va qadrlanishidan darak beradi.
Turnir endigina start olgan bo'lsa-da, jamoalar musobaqaga ko'nikib bormoqda. Ular raqiblarni o'rganish, taktik va strategik vazifalarni amalga oshirish uchun etarli vaqt va imkoniyatga ega.
Shuningdek, mazkur musobaqa uchrashuvlarini muxlislarimiz va mutaxassislar TATU sport majmuasida bepul tomosha qilishlari mumkinligini ham eslatib o'moqchimiz. Haftaning shanba kunlari soat 8:00 da boshlanadigan uchrashuvlar nafaqat sport muxlislariga, balki dam olish kunini mazmunli o'tkazmoqchi bo'lgan har bir kishiga manzur bo'ladi. Hujumkor o'yinlar, chiroyli kombinaciyalar va betakror uslublar ostida kechadigan bellashuvlar, shubhasiz, yoqimli taassurot hadya etadi.



