
Portugaliya terma jamoasi va «An-Nasr» klubi hujumchisi Krishtianu Ronaldu WOWfc jang promousheni hammulkdoriga aylangani haqida izoh berdi.
«Quvonch bilan muhim yangilikni ma’lum qilaman: men WOWfc aksiyadorlaridan biriga aylanaman! Biz men chin dildan ishonadigan qadriyatlarni birgalikda bo‘lishamiz: intizom, hurmat, matonat va doimo mukammallikka intilish. WOWfc o‘ziga xos va kuchli platforma yaratmoqda, va men bu loyihaga qo‘shilayotganimdan faxrlanaman. U sport rivojiga xizmat qiladi va kelajak avlodni ilhomlantiradi», — deb yozdi Ronaldu o‘zining X ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida.
Portugaliyalik yulduz 2023 yildan buyon «An-Nasr» safida to‘p surmoqda. Unga eng katta shuhrat «Manchester Yunayted» va Madridning «Real» jamoalaridagi o‘yinlari orqali kelgan. Ronaldu — “Oltin to‘p” mukofotining besh karra sovrindori.