iks
ads

G'alabasiz mavsum

  • Mr.NoBoDy 25.12.2025 14:24
  • 915
  • 30

"Nasaf" va "Andijon" bu yil xalqaro mavsumni g'alabasiz yakunladi.

Yangicha formatda tashkil qilingan Elit Osiyo Chempionlar Ligasidagi ilk ishtirok "Nasaf" uchun o'ta muvaffaqiyatsiz chiqdi. Ro'ziqul Berdiev shogirdlari 6 ta o'yin o'tkazib, barchasida mag'lubiyatga uchrashdi. "Nasaf" navbati bilan "Al Ahli", "Al Hilol", "Shabab Al Ahli", "Al Vahda", "Traktor" va "Al Ittihod" klublariga imkoniyatni boy berdi.

Jamoa oltita o'yinda faqat 6ta gol urib, o'z darvozasidan 15 ta to'p o'tkazib yubordi. Elit OCHLda "Nasaf"ga o'xshab g'alaba qozonmagan yana bir jamoa bor: Iroqning"Al Shorta" klubi. Faqat iroqliklar bir marta durang o'ynagan. Albatta, o'tgan yilgi O'zbekiston chempionidan bunday ishtirokni hech kim kutmagandi. "Nasaf" hech bo'lmasa BAA, Eron klublaridan ochko olsa kerak degan taxminda edik, biroq amalda bunday bo'lmadi.

"Nasaf" ortidan "Andijon" ham xalqaro turnir bilan xayrlashdi. O'zbekiston Kubogining o'tgan yilgi sohibi OCHL 2 musobaqasida o'z tarixida birinchi bor qatnashib, 5 durang va bir mag'lubiyat qayd etdi. Shunday bo'ldiki, andjonliklar ketma-ket beshta bahsda durang o'ynashdi. Agar jamoa oxirgi tur Qatardan ijobiy natija bilan qaytganida keyingi bosqichga chiqqan bo'lardi, lekin 0:2 hisobidagi mag'lubiyat "Anjidijon"ning guruhda oxirgi bo'lishiga sabab bo'ldi.

Elit Osiyo chempionlar ligasining hozirgi bosqichi tugashiga yana ikkita tur qoldi. Fevral oyida bo'lib o'tadigan o'yinlar "Nasaf" uchun hech qanday ahamiyat kasb etmaydi. Qarshiliklar 9 fevral kuni uyda Iroqning "Al Shorta" klubini qabul qilishadi va 16 fevral kuni safarda "Sharja" mehmoni bo'lishadi. Hozirgi paytga kelib Elit OCHLda keyingi bosqichga chiqqan 4 ta klub nomi malum: "Al Hilol", "Traktor", "Al Ahli" va "Al Vahda".

OFK rasmiy sayti Elit OCHL final bosqichi bu safar ham Saudiya Arabistonida bo'lib o'tishini malum qildi. Jidda shahridagi ikkita stadion (King Abdullah Sports City Stadium, Prince Abdullah Al Faisal Sports City Stadium) kelasi yilning 16-25 aprel oralig'ida final bosqich o'yinlariga mezbonlik qiladi. Har ikkala o'yingohda navbati bilan Elit OCHL chorak final va yarim final uchrashuvlari o'tkaziladi. Musobaqaning hal qiluvchi final o'yini esa King Abdullah Sports City Stadiumda bo'lib o'tadi.

Osiyo chempionlar Ligasi 2da guruh uchrashuvlari o'z yakuniga etib, keyingi bosqichga chiqqan omadli jamoalar malum bo'ldi. Shunday qilib G'arb mintaqasida 8 ta klub keyingi bosqichga yo'l oldi: "Al Vasl" (BAA), "Istiqlol" (Eron), "Al Ahli" (Qatar), "Arkadag'" (Turkmaniston), "Al Husseyn" (Iordaniya), "Sepaxan" (Eron), "Al Nassr" (Saudiya Arabistoni) va "Al Zavra" (Iroq).

Saudiyaning "Al Nassr" klubi barcha 6 ta o'yinda g'alaba qozongan yagona jamoa bo'ldi. Saudiyaliklar joy olgan guruhdagi "Istiqlol" (Tojikiston) 9 ochko to'plab ham guruhdan chiqa olmadi. Markaziy Osiyodan faqat Turkmaniston klubi "Arkadag'" guruhdan chiqishni eplay oldi. Fevral oyida uy-mehmon tarzidagi 1/8 final o'yinlari bo'lib o'tadi.

"Nasaf"ning Elit OCHLdagi ishtiroki qo'rqinchli tushga o'xshadi. Yoningizdagi narsa ushlay olmaysiz-u, shunga o'xshab ko'rindi. Hartugul "Nasaf" durangga yaqin kelgan o'yinlar ham bo'ldi, faqat jamoa durangni ushlay olmadi. "Nima eksang, shuni o'rasan" degan gap bejiz aytilmaganidek, "Nasaf" harakat qilgani bilan keyingi bosqichga chiqish imkoniyati nihoyatda past edi.

"Andijon"ning OCHL 2dagi ishtiroki bamisoli sug'ur kunini eslatib yubordi. Har tur bir xil narsa takrorlanaverdi. Yo'qsa qatorasiga to'rtta 0:0 ni qanday tushunish mumkin. Har gal durangdan keyin avvalgi murabbiy Maksim Shackix gol urmayapmiz, lekin o'tkazmayapmiz deyaverdi. Murabbiyni jamoa 4 ta o'yinda gol urmagani xavotirga solmadi, balki gol qo'yib yubormagani xotirjam qildi. Lekin futbolda golsiz maqsadga erishib bo'lmaydi. Oxirgi turdagi mag'lubiyat esa jamoa tezroq mavsumni tugatib, tatilga chiqishni xohlab qolganini ko'rsatdi.

Nailoj har ikki klubimiz xalqaro maydonlarda yomon mavsumni o'tkazdi. Va eng alamlisi, birorta g'alaba qo'lga kiritilmagani bo'ldi. Endi keyingi mavsum O'zbekiston chempioni "Neftchi" va Kubok sohibi "Paxtakor" Osiyoda o'zini ko'rsatishga harakat qiladi. Kelasi yil ijobiy natija bo'ladi degan umiddamiz. 


Xayrulla Xoliqov

Ўхшаш янгиликлар

MMA (UFC) videolar

post photo

ММА (UFC) - janglari

UFC 310 Embedded (эпизод 5)

Futbol obzorlar