iks
ads

"Kattaqo'rg'on" katta futbol uchun dastlabki qadamlarni tashladi

  • Mr.NoBoDy 26.12.2025 08:32
  • 905
  • 30

Birinchi ligadagi debyut mavsumidayoq G'arbiy hudud g'olibiga aylangan va Toshkent mezbonlik qilgan pley-off bosqichida yarim finalga qadar etib kelgan "Kattaqo'rg'on" jamoasi 2026 yilgi mavsum oldidan katta qadamlar tashlashga qaror qildi.

Liga Proliga ishtirokchilarini shakllantirish borasida ish olib borayotgani malum. Davogar jamoa qanday ishlarni amalga oshirishi lozimligi va aynan nimalarga etibor qaratishi masalasi reglamentda o'z ifodasini topgan. Bu yo'lda birlamchi talab infratuzilma bo'lsa, undan keyingi jarayon futbol maktabi bilan bevosita bog'liq hisoblanadi. Shundan kelib chiqib, mazkur masalalarga investisiya kiritishni maqsad qilgan jamoa bilan muzokaralar davom etadi. 

Kattaqo'rg'on shahri va tumanida 400 mingga yaqin aholi istiqomat qiladi. Samarqand viloyatining bosh shahridan keyingi o'rinda turuvchi mazkur hududda futbolga bo'lgan munosabat Liga etiborini tortib keladi. Birinchi liga musobaqasida jamoa ishtirokidagi uy o'yinlarini tomosha qilish uchun uch ming atrofida ishqibozlar tashrif buyurmoqda. Toshkentdagi pley-off bellashuvlari uchun ham yuzlab muxlislar etib keldi. 


Dekabr oyining ikkinchi yarmida "Kattaqo'rg'on" jamoasi prezidenti Xotam Razzoqov va Liga bosh direktori Diyor Imomxo'jaev o'rtasida uchrashuv bo'lib o'tdi. Unda yaqin kelajakda amalga oshirilishi rejalashtirilgan ishlar masalasida kelishib olindi va shu asosda 23-dekabr kuni Liga ishchi guruhi Kattaqo'rg'on shahri va tumanida bo'lib, mavjud sharoitni o'rgandi. Unda Kattaqo'rg'on tumani hokimi Jamshid Nasriddinov ham bevosita ishtirok etdi. Kelishuvga ko'ra, Payshanba shaharchasidagi futbol maydonini davlat xususiy sherikchilik asosida "Kattaqo'rg'on" jamoasiga biriktirish masalasida ish olib boriladi. Mazkur masalani tartibga solishda Samarqand viloyati hokimligi va Sport vazirligining amaliy yordamiga suyaniladi. 


O'z navbatida investor 2026-yilning o'zida stadionni Proliga talablariga moslashtirish uchun 10 milliard so'm atrofida investisiya kiritadi. Mazkur jarayon bir necha yilni qamrab olishi ko'zda tutilgan bo'lib, stadion bosqichma-bosqich katta uchrashuvlarga tayyorlanadi. Birinchi navbatda maydon to'liq qayta barpo etiladi va u o'zida drenaj, sug'orish kabi tizimlarni jamlaydi. Maydon chimi zamonaviy ko'rinishga keltiriladi va unda Superliga klubi ham to'p surishi mumkin bo'lgan daraja hosil qilinadi. Shuningdek, 5 ming tomoshabin uchun mo'ljallangan, biroq ayni vaqtda tamirga muhtoj bo'lgan tribuna osti va ustki qismi rekonstrukciya qilinadi, futbolchilar va hakamlar kiyim almashtirish xonalari, stadionning texnik qismi to'liq tartibga keltiriladi. Mazkur masalalar bo'yicha texnik talab Liga tomonidan taqdim etiladi. 

Kattaqo'rg'on shahrida joylashgan va jamoa 2025-yilda o'zining uy uchrashuvlarini o'tkazgan stadion maydonida ham ish davom etayotgan bo'lib, mazkur arenada Kattaqo'rg'on U19 jamoasi o'z o'yinlarini o'tkazishi ko'zda tutilgan. Mazkur jamoa joriy mavsum Samarqand viloyati musobaqasida muvaffaqiyatli ishtirok etgani etiborga molik. 

Qo'shimchasiga, hukumat yordamida Kattaqo'rg'on shahrida futbol maktabi qurish va uni foydalanishga topshirish masalasi rejaga kiritilgan. Keyinchalik maktab futbol jamoasiga biriktiriladi va shu tariqa Samarqand viloyatida Dinamo klubidan keyingi navbatdagi klubga asos solinadi. Klub bazasi esa Payshanba shaharchasidagi oromgoh hududida tashkil etiladi. Liga ishchi guruhi undagi sharoitlar bilan tanishdi. Barchasi reja asosida davom etsa, mazkur baza Superliga klublariniki bilan raqobatlasha oladigan darajada ekanligini qayd etish lozim.  

Liga Kattaqo'rg'onda katta futbol uchrashuvlarini o'tkazish masalasini to'liq qo'llab-quvvatlaydi. Endilikda o'zaro kelishuvlarni tartibga solish, hujjatlashtirish, smeta xarajatlarini tasdiqlash kabi ishlarga o'tiladi. Har bir qadam yoritib borilishi ko'zda tutilgan. Kelishuvlarni rasmiylashtirish ishlari Liga talab qilgan ko'rinishda yakuniga etsa, Kattaqo'rg'on jamoasi 2026-yilgi mavsumni Proligada o'tkazish imkoniyatini qo'lga kiritadi.

Malumot uchun, "Kattaqo'rg'on" jamoasi nafaqat infratuzilmaga, balki yillik xarajatlar smetasiga ham jiddiy munosabatda bo'lishi ko'zda tutilgan. Payshanba shaharchasidagi qurilish ishlari davom etayotgan vaqtda jamoa o'z uy uchrashuvlarini Samarqand shahrida o'tkazib turishi rejalashtirilgan.

Ўхшаш янгиликлар

MMA (UFC) videolar

post photo

ММА (UFC) - janglari

UFC 310 Embedded (эпизод 5)

Futbol obzorlar