iks
ads

"Manchester Yunayted" 45 oy (!) o'tib g'alaba qozondi...

  • Mr.NoBoDy 27.12.2025 14:24
  • 689
  • 30

Kuni-kecha Premer-liga navbatdagi turi doirasida "Manchester Yunayted" va "Nyukasl" uchrashuvi bo'lib o'tdi.

Uchrashuv minimal hisobda "qizil iblislar" foydasiga hal bo'ldi. 

Himoyachi Patrik Dorguning 24-daqiqadagi aniq zarbasi Ruben Amorim jamoasiga g'alabani tortiq qildi. 

Match-senterda ochish

Eslatib o'tamiz, mazkur uchrashuvni jarohat sabab manchesterliklar sardori Brunu Fernandesh o'tkazib yuborishga majbur bo'ldi. Portugaliyalik futbolchi "Aston Villa"ga qarshi bellashuvda jarohat olib, zaxiraga olingan va ikkinchi bo'limda jamoadoshlariga yordam bera olmagan edi. Shunga qaramay, "qizil iblislar" "Nyukasl"ni taslim eta olishdi va ochkolar soni bo'yicha to'rtinchi o'rindagi "Chelsi" bilan tenglashib olishdi. Har ikki jamoa hisobida 29 tadan ochko mavjud bo'lib, londonliklar bu tur o'yinini bugun o'tkazishadi. Qizig'i, Mareska jamoasiga aynan "Aston Villa" raqiblik qiladi.     

"Opta" portalining malum qilishicha, "Manchester Yunayted" Premer-Liga doirasidagi o'yinda tarkibda Brunu Fernandeshsiz 2022 yil mart oyidan buyon birinchi marta g'alaba qozona oldi. 45 oy avval hali Ralf Rangnik bosh murabbiyligidagi Manchester "Tottenxem"ni Brunusiz mag'lub eta olgandi (3:2). O'sha kuni Harri Keyn va Harri Maguayrning avtogoliga mezbonlar Krishtianu Ronalduning xet-trigi bilan javob berishgan. 

Portugaliyalik yarim himoyachi tarkibda yo'q bo'lgan keyingi 6 bahsda esa jamoa bor yo'g'i 1 ochko ishlab olgan (5 mag'lubiyat va 1 durang). 

Shifokorlar Fernandesh yanvar oyining ikkinchi qismida safga qaytishini taxmin qilishmoqda.

Ўхшаш янгиликлар