"Real" bosh murabbiyi Karlo Anchelotti va Braziliya futbol konfederasiyasi (CBF) o‘rtasidagi ehtimoliy shartnoma moliyaviy shartlarini ma’lum bo‘ldi. Bu haqda O Globo nashri xabar tarqatdi.
Unga ko‘ra, italiyalik mutaxassisga har oy 4 million real (taxminan 625 ming yevro) maosh taklif etilmoqda. Shuningdek, 2026 yilgi jahon chempionatida Braziliya termasi g‘alaba qozonsa, Anchelotti 5 million yevro miqdorida bonus oladi.
Shartnomada bir qator imtiyozlar ham nazarda tutilgan — jumladan, Anchelottini Yevropaga bir necha bor olib-kelish uchun shaxsiy samolyot ajratiladi. Anchelotti terma jamoani 14 oy davomida — ya’ni mundial yakunlanganga qadar boshqarishi kerak bo‘ladi. Shuningdek, Braziliya termasi va Madridning «Real» jamoasi o‘rtasida o‘rtoqlik uchrashuvini o‘tkazish ham shartnoma bandlaridan biri hisoblanadi.
Avvalroq, Anchelotti mavsum tugagach «Real»ni tark etib, Braziliya terma jamoasi bosh murabbiyi bo‘lishi mumkinligi haqida xabarlar tarqalgan edi.