Timur Kapadze boshchiligidagi milliy terma jamoa 5 iyun kuni JCH 3-saralash bosqichi 9-turi doirasida BAAga safar uyushtiradi. Mazkur bahs Toshkent vaqti bilan soat 21:00 da Abu-Dabidagi "Al Nahayyon" stadionida boshlanadi. Bir muddat avval saytimizda terma jamoa BAAga ertaroq yo'l olishi haqida xabar berilgan edi. Malumotlarga ko'ra, terma jamoa 29 may kuni BAAga yo'l oladi. Bunday qarorning asosiy sabablari muhim bahsga yaxshiroq tayyorgarlik ko'rish va legionerlarning terma jamoa ixtiyoriga ertaroq etib kelishidir.
Xo'sh, xorijda to'p tepayotgan futbolchilarning klublari rejalashtirilayotgan yig'in vaqtiga kelib so'nggi uchrashuvini qachon o'tkazadi?
O'tkir Yusupov, Jaloliddin Masharipov va Oston Urunov to'p tepayotgan Eron chempionati 15 may kuni yakunlanadi. So'nggi 30-tur bahslari bir kunda o'tkazilishi rejalashtirilgan, ammo "Istiqlol" Eron Kubogidagi ishtirokini davom ettirmoqda.
15.05.2025. 30-tur
"Malavan" - "Fulad"
O'tkir Yusupov (Fulad)
24.05.2025. Eron Kubogi 1/2 final
"Istiqlol" - "Sanat Naft"
Jaloliddin Masharipov (Istiqlol)
15.05.2025. 30-tur
"Persepolis" - "Havador"
Oston Urunov (Persepolis)
Rossiya chempionatining so'nggi 30-turi esa 24mayda o'tkazilishi rejalashtirilgan, ammo CSKA Fonbet Rossiya Kubogi yarim finali doirasida "Zenit" bilan to'qnash keladi, agar Fayzullaev jamoasi yarim finalda "Zenit"ni yuta olsa, Superfinal(final) bahsida ishtirok etadi. Superfinal esa 1 iyun kuni "Lujniki" stadionida o'tkaziladi. CSKA Superfinalda ishtirok etadigan bo'lsa, katta ehtimol bilan Fayzullaev terma jamoa safiga 2 iyundan keyin qo'shiladi.
24.05.2025. 30-tur
CSKA - "Pari NN"
Abbosbek Fayzullaev (CSKA)
24.05.2025. 30-tur
"Rubin" - "Orenburg"
Rustam Ashurmatov (Rubin)
Turkiya chempionati esa 1 iyun sanasida yakunlanadi. So'nggi 38-tur yozning dastlabki kunida o'tkaziladi. Husniddin Aliqulov va Azizbek Turg'unboev terma jamoa safiga 2 iyundan keyin qo'shilishsa kerak.
01.06.2025. 38-tur
"Rizespor" - "Xatayspor"
Husniddin Aliqulov (Rizespor)
01.06.2025. 38-tur
"Sivasspor" - "Alanyaspor"
Azizbek Turg'unboev (Sivasspor)
"Roma" esa mavsumni 25 may sanasida "Torino"ga qarshi bahs bilan yakunlaydi. Hujumchimiz terma jamoa yig'iniga o'z vaqtida etib kelishi kutilmoqda.
25.05.2025 38-tur
"Roma" - "Torino"
Eldor Shomurodov (Roma)
APLda so'nggi 39-tur 25 may kuni o'tkaziladi. Husanov jamoasi mavsumni "Fulxem"ga qarshi bahs bilan yakunlaydi.
25.05.2025. 38-tur
"Fulxem" - "Manchester Siti"
Abduqodir Husanov (Manchester Siti)
Saudiya Arabistoni chempionati 26 may kuni yakunlanadi. So'nggi 34-turda "Al-Fayha" "Al Shabab" jamoasi bilan to'qnash keladi. Demak, Otabek Shukurov ham terma jamoamiz ixtiyoriga o'z vaqtida etib kela oladi.
26.05.2025. 34-tur
"Al Fayha" - "Al Shabab"
Otabek Shukurov (Al Fayha)
"Al Vahda" esa mavsumni 12 may kuni "Dibba" jamoasiga qarshi yakunlaydi.
12.05.2025. 24-tur
"Al Vahda" - "Dibba"
Hojimat Erkinov (Al Vahda)
Bobir Abdiholiqovning klubi "Sumgait" mavsumni 24 may kuni "Sabail"ga qarshi bahs bilan yakunlaydi.
24.05.2025. 36-tur
"Sabail" - "Sumgait"
Bobir Abdiholiqov (Sumgait)
Turkiya chempionatida to'p tepayotgan futbolchilarimiz katta ehtimol bilan terma jamoamiz yig'iniga kechro qo'shilishadi. Qolgan barcha legionerlar terma jamoa yig'iniga o'z vaqtida qo'shilishi kutilmoqda.
Agar CSKA va "Istiqlol" o'z mamlakatlarining Kubok musobaqasidagi ishtirokini davom ettiradigan bo'lsa, Fayzullaev va Masharipov ham yig'inga kechroq qo'shilishi mumkin.
BAAda yig'in o'tkazish xavfli emasmi?
Raqibimiz Amirlik jamoasi bo'la turib, terma jamoa mezbon mamlakat hududida yig'in o'tkazishi bir nechta savollarni yuzaga keltirmoqda. Eng asosiy muammolardan biri - xavfsizlik masalasi. Yani raqib MTJning mashg'ulotlarini kuzatish imkoniyatiga ega bo'lishi. Bunga qadar terma jamoamiz Qatarda yig'in o'tkazgan edi. Bu safar esa BAA navbatdagi yig'in manzili sifatida tanlandi. Shuningdek, mezbonlar tomonidan terma jamoamizga turli xil noqulayliklar yaratilishi ehtimoli ham yo'q emas.
Misol uchun, O'zbekiston terma jamoasi sobiq bosh murabbiyi Samvel Babayan 2020 yilgi intervyusida JCH-2018 saralash bahslaridagi raqibim Eron jamoasining yig'inlarini yordamchilari orqali kuzatib borganini malum qilgan edi:
"Biz o'sha vaqtda Eronni o'z uyimizda mag'lub etishga qodir edik. Keyrush o'yinga puxta tayyorgarlik ko'rgandi. Eron Toshkentdagi uchrashuvga tayyorgarlikni Erevanda olib borgan edi. Men esa yordamchilarimni Erevanga jo'natgan edim va biz ehtiyotkorlik bilan raqibning tayyorgarlik jarayonini kuzatib borganmiz. Eronning taktik rejasi himoyaviy futbolga ixtisoslashgani ayon bo'lgan. Erevandagi taktik mashg'ulotlarda Eron to'liq etiborini himoyaviy futbolga qaratgan edi. Biz malumotlarga ega edik" - deya aytib bergan Samvel Babayan.
Shu sababli BAAda yig'in o'tkazish biroz xavflidek. Har bir jamoa raqib haqida ko'proq malumotga ega bo'lishni istaydi va tabiiyki shunday imkoniyat paydo bo'lsa, undan foydalaniladi. Bunday xavflarning oldini olish uchun Associaciya xavfsizlik masalasiga jiddiy yondashishi kerak bo'ladi.
Nega yig'in BAAda tashkil etilmoqda?
Terma jamoamiz o'yindan bir hafta avval BAAga etib boradi. Bundan maqsad legionerlarning terma jamoa ixtiyoriga ertaroq etib kelishi va muhim bahsga yaxshiroq tayyorgarlik ko'rish. Reja bo'yicha tayyorgarlik Dubay Amirligida joylashgan "Jebel Ali" bazasida o'tkaziladi. "Jebel Ali" bazasi Dubaydan 44 kilometr uzoqlikda joylashgan hudud.
"Jebel Ali" bazasi xususiy hudud hisoblanadi va majmua atrofida baland binolar yo'q. Ushbu jihatlar, mashg'ulotlar begona shaxslar tomonidan kuzatilib borish xavfini oldini oladi. Malumotlarga ko'ra, majmua xavfsizligini nazorat qiladigan kameralar ham MTJ mashg'ulot o'tkazayotgan vaqti tasvirga olmasligi ko'zda tutilgan.
Aslida qaerda yig'in o'tkazish masalasida bir nechta variantlar mavjud bo'lgan. "Jebel Ali" variantidan tashqari, Abu-Dabining o'zida joylashish masalasi ham ko'rib chiqilgan, ammo Abu-Dabiga mehmonxonalar terma jamoa talablariga to'g'ri kelmagan.
MTJda bundan tashqari yana uchta mamlakatda yig'in o'tkazish varianti bo'lgan.
Birinchi variant - Qatar.
Terma jamoamiz so'nggi yig'inini Qatarda o'tkazgan edi va umuman olganda Qatar so'nggi yillarda ko'plab terma jamoalarning yig'in o'tkazish manziliga aylangan. Osiyo Kubogi kabi mintaqamizning eng katta musobaqalariga mezbonlik qilgan.
Ikkinchi variant - Iordaniya.
Osiyo kubogi finalchisi terma jamoamizga Ammanda nazorat uchrashuvi o'tkazishni taklif etgan, ammo "sparring" o'yinida ishtirok etish va Iordaniyada tayyorgarlik olib borish g'oyasi Timur Kapadzega yoqmagan.
Uchinchi variant - O'mon.
Terma jamoamizda O'monda tayyorgarlik ko'rish varianti ham bo'lgan, faqat O'mon termasiga qarshi nazorat uchrashuvida ishtirok etish sharti bilan.
O'yin ahamiyati va chipta masalasi
BAAga qarshi uchrashuv futbolimiz tarixidagi eng muhim voqeiyliklar biri bo'lishi kutilmoqda. Terma jamoamiz Abu-Dabida durang natija qayd etsa ham mundial yo'llanmasini qo'lga kiritadi. Uchrashuv katta ahamiyatga ega ekanligi tufayli ko'plab o'zbekistonlik muxlislar termani BAAga qarshi safar uchrashuvda qo'llab-quvvatlash istagini bildirishmoqda, ammo OFK reglamentiga ko'ra mehmon jamoa uchun bor-yo'g'i umumiy sotuvga chiqadigan chiptalarning bor-yo'g'i sakkiz foizi taqdim etiladi. Bu esa o'zbekistonlik futbol muxlislarining uchrashuvga chipta xarid qilish masalasini qiyinlashtiradi. O'FA terma jamoalar bo'limi rahbari chiptalar xaridi bilan yuzaga kelishi mumkin bo'lgan muammo haqida fikr bildirdi.
"Biz Amirliklar associaciyasiga reglamentga muvofiq stadion sig'imining sakkiz foiziga teng chiptalarni sotib olish bo'yicha so'rov yubordik, biroq hozirgacha ulardan tasdiq olmadik. Yani, hozirgi bosqichda hatto Futbol associaciyamizda ham o'yinga kafolatlangan chiptalar mavjud emas. Amirliklarning o'zida ham chiptalar hali sotuvga chiqarilmagan.
Shu bois, ayni paytda muxlislarga o'yin chiptasini kafolatlayotgan turistik kompaniyalar, mening fikrimcha, firibgarlik bilan shug'ullanmoqda va O'FAning ushbu kompaniyalarga hech qanday aloqasi yo'q. Hozirgi kunda hech kimda chipta olish kafolati yo'q.
Ijtimoiy tarmoqlarda allaqachon chipta taklif qilayotgan kompaniyalarning bir qismi O'FAga murojaat qilib, associaciyadan chipta so'rayotganini inobatga olsak, vaziyat yanada g'alatiroq ko'rinadi" - deydi Sherzod Igamberdiev.
Bosh murabbiy qanday fikrda?
Yig'in masalasidagi savollarga terma jamoamiz bosh murabbiyi Timur Kapadze shunday javob berdi:
"Bizda Qatar varianti ham bor edi. Biz ertaroq borib, ob-havo va boshqa faktorlarga tezroq ko'nikib olishga qaror qildik. Amirliklarga ham shu uchun borib keldik. Ataylab terma jamoalar bo'limi boshlig'i va xavfsizlik bo'yicha mutaxassis bilan birga bordik. Barcha o'ziga kerakli malumotlarni bilib olish uchun. BAAning o'zida ikkita variantimiz bor edi. Birinchisi Abu-Dabida, ikkinchisi esa Dubayga yaqinroq baza edi va yakunda Dubayga yaqin bo'lgan "Jebel Ali" sport bazasini tanladik. "Jebel Ali"dagi maydonlar cho'l o'rtasida joylashgan va hudud ancha xavfsiz. Sababi baland binolar yo'q. Ushbu hududda biz mashg'ulotlarimizning berkita olamiz. Hech kim bazaga kira olmaydi va mashg'ulotlarni tashqaridan kuzata olmaydi. Abu-Dabidagi stadionlar esa binolar bilan qamrab olingan. Mehmonxonamizdan "Jebel Ali"gacha bor-yo'g'i besh daqiqalik yo'l. Sharoitlari ham ancha yaxshi. "Jebel Ali" Dubay tashqarisida joylashgan, aniqrog'i shahar markazidan 40 daqiqalik yo'l.
Bizda O'monda yig'in o'tkazish varianti ham bor edi, ammo biz u erlar bilan yaxshi tanish emasmiz. Superkubok bahsi 28 may sanasida bo'lib o'tadi. Legionerlar esa har xil vaqtda terma jamoaga etib kelishadi. Kimdir ertaroq, kimdir esa kechroq. Turkiya chempionatidagi yigitlar 1 iyun kuni so'nggi turni o'tkazishar ekan" - deya javob berdi Timur Kapadze.
Xulosa
MTJ raqib hududida tayyorgarlik ko'rishga qaror qildi va ba g'alati qarordek tuyulishi mumkin, ammo O'FA yig'in xavfsiz o'tishiga ishonmoqda va buning uchun barcha kuchini ishga soladi. Amirliklarga qarshi o'yin oldidan BAAda yig'in o'tkazish qanchalik to'g'ri qaror bo'lganini, 5 iyun kuni bo'lib o'tadigan uchrashuvdan so'ng bilib olamiz.