2024-yil O‘zbekiston sporti tarixida muhim va unutilmas voqealarga boy bo‘ldi. Xususan, U-23 terma jamoamiz ilk bor Olimpiada yo‘llanmasini qo‘lga kiritdi.
Ushbu tarixiy voqelik — Olimpiadagacha boʻlgan tayyorgarlik hamda shonli yoʻlga bagʻishlangan “Koʻrinmas medal” kinofilmining taqdimoti boʻlib oʻtdi. Tadbirda O‘FA va MOQ rahbariyati, terma jamoa a’zolari, ularning ota-onalari, OAV hamda jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.
Tadbir avvalida O‘FA birinchi vitse-prezidenti Ravshan Irmatov so‘zga chiqib, Olimpiadaga yo‘llanma — xalqimizning uzoq yillik orzusi bo‘lganini ta’kidladi.
Avvalo, bu g‘oyani qo‘llab-quvvatlab, imkoniyat yaratib bergan Prezidentimizga minnatdorchilik bildiramiz. Sport vazirligi, MOQ rahbariyati va Olimpiya g‘oyasiga har tomonlama ko‘mak bergan, moddiy-texnik yordam koʻrsatgan barcha mutasaddilarni e’tirof etishimiz kerak.
Bu film orqali Olimpiadagacha bosib oʻtilgan yoʻlni keyingi avlodga namuna, motivatsiya sifatida koʻrsatish juda muhim edi. Gazeta.uz jamoasi va film ijodkorlariga rahmat aytamiz, — dedi Ravshan Irmatov.
Shuningdek, jamoamiz bosh murabbiyi Timur Kapadze ham ushbu yutuq davlatimiz tomonidan sportga berilayotgan e’tibori natijasi ekanligini qayd etib, bu yoʻlda mehnat qilgan barcha insonlarga minnatdorchilik bildirdi.
Shundan soʻng film taqdimoti boʻlib oʻtdi. Unda “Olimpik” klubining tashkil topishidan tortib, Parij Olimpiadasigacha bo‘lgan matonatli yoʻl namoyish etildi.