Ar Riyod sari yo'l Bishkekdan boshlanadi

  • Mr.NoBoDy 30.05.2025 23:16
  • 108
  • 30

OFK navbatdagi U-23 Osiyo chempionati saralash bahslari uchun qura tashlash marosimini o'tkazdi.

Ushbu musobaqada O'zbekiston U-23 terma jamoasi ishtirok etadi. Malumot uchun, hozirda bu jamoaga tajribali mutaxassis Ravshan Haydarov bosh murabbiylik qilmoqda.

Musobaqa formati

Saralashda 44ta terma jamoa ishtirok etadi. Jamoalar to'rttadan 11 guruhga bo'lingan bo'lib, har bir guruh g'olibi (11 jamoa) va 4ta eng yaxshi ikkinchi o'rin egalari U-23 Osiyo chempionatiga yo'llanma oladi.

U-23 Osiyo chempionati 2026 yilning 7-25 yanvar kunlari Saudiya Arabistonida bo'lib o'tadi. Hozircha musobaqa mezboni sifatida faqat bitta jamoa nomi malum bo'lib, qolgan 15ta jamoa saralash o'yinlaridan so'ng aniq bo'ladi. 

Rekord ko'rsatkich

Aytb o'tganimizdek, musobaqaning saralash bosqichida 44ta terma jamoa kurash olib boradi. Bu rekord ko'rsatkich bo'lib, bungacha saralash o'yinlarida bunchalik ko'p jamoa qatnashmagandi.

Eng yaxshi natija kimda?

U-23 Osiyo chempionatida eng yaxshi ko'rsatkich hozircha Yaponiya U-23 terma jamoasiga tegishli bo'lib, kunchiqar yurt vakillari ikki bor (2016, 2024) ushbu musobaqada oltin medallarni qo'lga kiritgan. Bunda tashqari Iroq (2013), O'zbekiston (2018), Janubiy Koreya (2020) va Saudiya Arabistoni (2022) hisobida bittadan bosh sovrin bor. 

Bu musobaqa Olimpiadaga yo'llanma bermaydi

Yaxshi bilasiz, OFK U-23 Osiyo Kubogini har ikki yilda bir marta o'tkazib keladi. O'tgan yil Qatarda o'tkazilgan qita birinchiligi Olimpiya yo'llanmasi uchun kurash vazifasini o'tab bergandi.

Navbatdagi musobaqa esa shunchaki o'tkaziladi hamda hech bir turnirga yo'llanma bermaydi. Navbatdagi Olimpiada 2028 yil Los Anjelesda o'tkazilishini inobatga olsak, 2028 yilgi U-23 Osiyo chempionati Olimpiya o'yinlari chiptasi uchun o'ynaladi.

Saralash bahslariga 11 mamlakat mezbonlik qiladi

Shu yilning 1-9 sentyabr kunlari bo'lib o'tadigan U-23 Osiyo Kubogi saralash bahslari 11ta davlatda bo'lib o'tadi. O'zbekiston terma jamoasi o'z o'yinlarini Qirg'iz Respublikasi poytaxti Bishkekda o'tkazadi.

3 sentyabr. O'zbekiston - Shri Lanka
3 sentyabr. Falastin - Qirg'iz Respublikasi

6 sentyabr. Shri Lanka - Falastin
6 sentyabr. Qirg'iz Respublikasi - O'zbekiston

9 sentyabr. O'zbekiston - Falastin
9 sentyabr. Qirg'iz Respublikasi - Shri Lanka

O'zbekiston - to'rtinchi o'rinda!

U-23 Osiyo chempionati shu paytgacha olti marta o'tkazilgan bo'lsa, O'zbekiston terma jamoasi hammasida ishtirok etgan va umumiy reytingda to'rtinchi o'rinda turibdi. Yani, bu degani O'zbekiston terma jamoasi barcha 6ta musobaqada jami 30ta o'yin o'tkazgan bo'lib, shundan 17tasida g'alaba qozongan. To'rt marta durang o'ynab, 9ta uchrashuvda mag'lub bo'lgan. To'plar nisbati 56-24 (+32).

O'zbekiston U-23 terma jamoasi umumiy reytingda 55 ochko to'plagan. Birinchi o'rindagi Janubiy Koreya hisobida 69 ochko, ikkinchi o'rindagi Yaponiya 61 hamda uchinchi o'rindagi Iroq hisobida 60 ochko bor. Terma jamoamiz 55 ochko bilan to'rtinchi o'rinni egallab turibdi. Beshinchi o'rindagi Saudiya Arabistoni hisobida esa 51 ochko mavjud.

Muxlislarning Haydarovdan umidi katta

O'zbekiston futbol associaciyasi rahbariyati ushbu yoshdagi terma jamoani Ravshan Haydarovga ishonib topshirdi. Malumki, Ravshan Akmalovich turli yoshdagi terma jamoalar bilan ishlash bo'yicha katta tajribaga ega.

Bundan tashqari, 2018 yil Xitoyda o'tkazilgan U-23 Osiyo Kubogida aynan uning qo'l ostidagi jamoa finalda Vetnamni yutib oltin medallarni qo'lga kiritgandi. O'shanda qorli final qanday o'tgani-yu, 120-daqiqada Andrey Sidorovning g'alaba to'pini kiritgani hamon kechagidek yodimizda.

O'ylaymizki, Ravshan Haydarov qo'l ostidagi navbatdagi avlod futbolchilarimiz nafaqat saralashda, balki keyinchalik musobaqaning o'zida ham o'zlarini ko'rsatib, 8 yil oldingi voqeani takrolay oladilar. 

X.Xoliqov

Ўхшаш янгиликлар

MMA (UFC) videolar

post photo

ММА (UFC) - janglari

UFC 310 Embedded (эпизод 5)

Futbol obzorlar