Farzandlarimiz bizdan ko'ra sog'lom va bilimli bo'lishlari kerakligi, sog'lom turmush tarzi muhimligi qayta qayta takidlandi. Shu asnoda joylarda ko'plab turli xil sport tadbirlari o'tkazib kelinyapti. Bugun men mana bir necha yillardan beri o'tkazib kelinayotgan va barchaning sevimli turniriga aylanishga ulgurgan ananaviy "Like cup" futbol turniri haqida o'z fikrlarimni bildirmoqchiman. Bunga balki o'zim ham ushbu turnirda futbolchi, murabbiy va sharhlovchi sifatida qatnashayotganligim sabab bo'lgandir. Bir qancha ommaviy turnirlarda qatnashganman. Lekin anchadan beri bunaqa darajadagi beg'ubor va go'zal turnirni ko'rmagandim. Musobaqa tashabbuskorlari va tashkilotchilari bu safar har qachongidanda yaxshi tayyorgarlik ko'rganliklari yaqqol sezilib turdi. Elimiz sevgan sanatkorlar, xonandalar, aktyorlar,jurnalistlar, blogerlar,sportchilardan jumladan mashhur bokschilarimizdan iborat 8ta jamoa tuzildi. Bahslar qizg'in kurashlar ostida o'tishi uchun har bir jamoaga ikkitadan sobiq futbolchilar jalb etildi.
Poytaxtimizdagi JAR stadioni yonida yangi barpo etilgan suniy qoplamali maydon chiroyli holga keltirildi. Turnir bosh homiysi ishtirokchilar va muxlislar uchun musobaqani bayramona ruhda o'tkazish maqsadida barcha shart sharoitlarni amalga oshirishga shay turdi. Birinchi kundan boshlab stadionga kelgan muxlislarga shirin ichimliklar tarqatildi. Sanatkorlarning kuy qo'shiqlari, karnay surnay navolari, ishqibozlarning qo'llab quvvatlashi tadbirni haqiqiy bayramga aylantirib yubordi. Bahslar "Sport" telekanalida to'g'ridan-to'g'ri efirda namoyish etildi va uchrashuvlarni navbatma-navbat Davron Fayziev, Xayrulla Hamidovlar bilan birga sharhlab bordik.
Ayniqsa birinchi kunda musobaqa ochilishidagi dron kameralar orqali yuqoridan olingan tasvirlar reportajni yanada go'zallashtirdi. Yashil maydonda Bahodir Jalolov, Hasanboy Do'stmatov, Isroil Madrimov, Tolib Mo'minov, Mehriddin Rahmatov, Umar Shamsiev, "Benom" guruhi, "Afro'z" guruhi solistlari, Dilshod Kattabekov va boshqa elimiz suygan sportchiyu sanatkorlarning harakat qilishi stadionga tashrif buyurganlarga olam olam quvonch baxsh etdi. O'yinlarni boshqarish uchun tajribali hakamlar jalb etildi.
Tashkilotchilar va homiylar tomonidan 1 iyun kuni "Xalqaro bolalar kuni"ga bag'ishlab bollalarga muzqaymoqlar tarqatish tadbiri rejalashtirildi.Undan tashqari 4 iyun kuni belgilangan finaldan so'ng taqdirlash marosimini o'zgacha bayramona ruhda o'tkazish bilan birga 8ta jamoa azolari stadionga katta monitor o'rnatib 5 iyun kungi BAA-O'zbekiston o'yinini birga tomosha qilishni kelishib olishdi.
Chunki "Like Cup" 3-ananaviy musobaqasining shiorida "Mundialga bir qadam. Biz siz bilan birgamiz.Olg'a O'zbekiston"deb yozilgan edi. Ikkinchi kungi bahslar boshlanishiga bir soat qolmasdan stadionni muxlislar bilan to'lib toshishi musobaqaga bo'lgan qiziqish ancha oshib ketganligidan,juda katta ekanligidan dalolat edi. Ayniqsa stadionga tashrif buyurgan muxlislarning taniqli sanatkorlar qolib bloger, vaynchilar bilan suratga tushish uchun navbatga turishlari meni hayratga soldi.Musobaqa tashabbuskori taniqli kinorejissyor va aktyor Alisher Uzoqov har o'yindan oldin tartib intizomga rioya qilishlarini eslatib turdi.
Afsuski, hammaga hursandchilik baxsh etayotgan hamda bayramona tarzda davom etayotgan musobaqa bitta tushunmovchilik tufayli to'xtatildi. Gap shundaki bloger va vaynchilarning o'zaro kelishib olib uyushtirmoqchi bo'lgan sahnalashtirgan sahnasi hammasini aksiga o'zgartirib yubordi. Buni ataylab sahnalashtirayotganligini tushunmagan shaxslar rostdan janjal bo'layapti deb voqeaga aralashib buzib qo'yishdi. Buni men "Chinor ostidagi duel" filmidagi o'sha mashhur epizodga qiyos qilgan bo'lardim. Nortoy urushda qatnashgan otasini oqlamoqchi bo'lib yig'ilganlarga ovozli kassetani eshittirmoqchi bo'ladi.Ukasi esa adashib boshqa kassetani qo'yib yuboradi va ukasining o'sha mashhur monologi..."Men emas, rostakam itlar kelayapti".
Lekin Nortoy baribir o'sha ovozli tasmani yig'ilganlarga eshittiradi.Bu erda ham vaziyatni tushunmasdan maydonga tushib ketganlar(ajrataman deganlar ham)manzarani xunuk holga keltirib qo'yishdi.
Lekin men shuni bildimki ushbu turnir qisqa fursat ichida hammaning sevimli turniriga aylanib qolgan ekan.Ertasi kuni bu bayramdan bahra olayotgan bir qancha yoshu-qarining qo'ng'iroqlariga javob berishimga to'g'ri keldi.
- Murod aka qachon davom etadi...
- Murodjon, tv da nega ko'rsatmayapti...
Xattoki mazza qilib ishtirok etayotgan media yulduzlarining bu xabarni eshitib kayfiyati ham tushib ketdi..
Bahodir Jalolov (bokschi): Bu safargi turnir juda zo'r o'tayotgandi. Bitta maynavozchilik deb to'xtab qoldi. Afsus…
Akmal Mirzo (radioboshlovchi va aktyor): Ishonasizmi, maydonga tushish uchun Erkin aka Komilov kelayotgandilar. Lekin bu yoshlar o'yindan o'q chiqarishdi.Hammasi chiroyli davom etayotgandiya..
Mehriddin Rahmatov (aktyor): Yutding, bo'ldi,jamoang bilan birga g'alabangni nishonla. Hursandchilik qil. Nima qilasan, sahnalashtirib...
Bunday fikrlar barcha ishtirokchi mediayulduzlar tomonidan yangradi.
Chunki, 8ta jamoaning mediayulduz ishtirokchilari bu tadbir orqali ko'plab yangi do'stlar ortirishdi, bir necha kun futbol bilan oshno bo'lishdi va sog'lom turmush tarziga amal qilishdi.
Xullas kalom, barcha jamoa azolari turnirni oxiriga etkazib qo'yishni juda juda xohlashmoqda. Muxlislar esa qachon davom etarkin deb hali hamon umid qilishmoqda.
Asosiysi tartib buzarlar tegishli ravishda jazolandi. Bunga sababchi bo'lgan jamoalar butunlay musobaqadan chetlatildi.
Shu bois biz mutasaddilardan 3-"Like Cup" musobaqasini oxirigacha etkazib qo'yish uchun ruxsat berishlarini so'rab qolamiz. Chunki o'zi shundog'am bitta guruh bahsi, ikkita yarim finallar va bitta final bahsi qolgan edi xolos. Qolaversa ancha ziyoli bo'lgan "Teatr", "Dutor", "Nokaut", "Al Badr" jamoalari keyingi bosqichga chiqishdi. Yashil maydondagi darvoza ortida 3-4ta faqat zahiradagi o'yinchilarni qoldirib, tartib intizomga rioya qilgan holda musobaqani oxirigacha etkazib qo'yilsa maqsadga muvofiq bo'lardi deb o'ylaymiz.
Murod Rizaev va "Dutor" jamoasi azolari