Braziliya terma jamoasi hujumchisi Vinisius Junior JCH-2026 saralashining 15-turidan o‘rin olgan Ekvadorga qarshi uchrashuvdagi durangdan so‘ng o‘z fikrlarini bildirib o‘tdi. Eslatib o‘tamiz, ushbu bellashuv Braziliya uchun Karlo Anchelotti bosh murabbiy sifatidagi ilk o‘yin bo‘ldi.
«U o‘z o‘yin uslubini namoyon etishga ulgurmadi. Jamoa bilan faqat ikki-uch kunlik mashg‘ulot o‘tkazdi», — deya Vinisius Juniorning so‘zlarini keltiradi Ge Globo.
Ayni paytda Braziliya terma jamoasi Janubiy Amerikadagi JCH-2026 saralash bosqichi jadvalida 22 ochko bilan to‘rtinchi o‘rinda bormoqda. Ekvador esa 24 ochko to‘plab, ikkinchi pog‘onada joylashgan.
Navbatdagi turda Braziliya Paragvayga qarshi, Ekvador esa Peru jamoasiga qarshi maydonga tushadi. Har ikkala o‘yin ham 11 iyun kuni bo‘lib o‘tadi.