"Men murabbiy Mixal Probejdan kutilmagan qo'ng'iroq qabul qildim, u sardorlik bog'ichini mendan olib qo'yishga qaror qilganini aytdi. Bunga mutlaqo tayyor emasdim, bolalarimni uxlashga yotqizayotgan edim. Suhbat bir necha daqiqa davom etdi.
Men bu haqda oilamga xabar berishga yoki birov bilan voqeani muhokama qilishga ulgurmadim – bir necha daqiqadan so'ng Polsha futbol uyushmasi saytida [sardor almashgani haqida] xabar paydo bo'ldi. Menga bu haqda qanday xabar berishgani haqiqatan ham meni hayratda qoldirdi.
Menga bunday masalalar boshqacha hal qilinishi kerakdek tuyuldi. Hammasi telefon orqali etkazildi. Bunday bo'lmasligi kerak. Murabbiy ishonchimga xiyonat qildi. Terma jamoa men uchun doimo eng muhimi bo'lgan. Shu bilan birga, yuz bergan voqea menga juda og'ir botdi. Gap sardorlik bog'ichi to'g'risidagi qarorda emas, balki bu menga qanday xabar qilinganida.
Bu qaror ortida nima turganini bilmyaman, chunki yuqorida aytib o'tganimdek, juda qisqa suhbat bo'ldi. Murabbiy ommaviy axborot vositalarining bosimiga berilgandek taassurot qoldi. U bizning kelishuvimizni buzdi, shuning uchun uning xatti-harakatlaridan hayronman.
Yig'inlarga kelmaslik to'g'risidagi qaror murabbiy bilan birgalikda qabul qilindi. Men u bilan gaplashib, biroz dam olish haqida nima deb o'ylashini so'ramoqchi bo'ldim. U rozi ekanligini va o'zi ham menga qo'ng'iroq qilib, shuni taklif qilmoqchi bo'lganini aytdi. Lekin men bazaga Kamil Grosickiyga syurpriz qilish uchun kelmoqchi edim. Buni faqat murabbiy Probej bilar edi. Lekin bu malumot matbuotga chiqib ketdi.
O'tirib, buning barchasi haqida tinchlangan holda o'ylab olmoqchiman. Nafasni rostlab olish kerak. Shundan keyin o'z fikrlarim va keyingi qadamlar haqida ko'proq gapirish mumkin bo'ladi. Bugun men afsus va g'azabni his qilyapman. Terma jamoa men uchun doimo juda muhim bo'lgan. Bu borada hech narsa o'zgarmadi", – dedi "Barselona" hujumchisi.