"Liverpul" Darvin Nunes uchun 70 million evro talab qilmoqda. Avvalroq, hujumchining yozgi transfer oynasida klubni tark etishi malum bo'lgan edi.
Qishda mersisaydliklar urugvaylik futbolchini "Al Nassr"ga 70 million evroga sotishdan bosh tortgan edi. Jurnalist Ben Jeykobsning yozishicha, inglizlar Nunesning transfer qiymatini baholashda aynan shu taklifdan kelib chiqishmoqda. Yana bir mezon - Darvinning asosiy tarkibdagi o'yinchisi sifatidagi ko'rsatkichlari: hujumchi dastlabki daqiqalardan maydonga tushganida 49 o'yinda 25 gol urgan va 13 ta golli uzatma bergan.
Futbolchining o'zi Saudiya Arabistoniga o'tish imkoniyatini rad etmayapti, biroq Ispaniya yoki Italiya jamoasiga qo'shilishni afzal ko'rmoqda. Unga hozirgi paytda "Atletiko" qiziqish bildirmoqda.
Shuningdek, "Al Hilol" ham transfer imkoniyati haqida so'rov yuborgan - ammo bu ko'proq klubning jahon klublar chempionatida ishtirok etishi mumkin bo'lgan hujumchini qidirayotgani bilan bog'liq. Ushbu musobaqa oldidan bitimlar uchun maxsus tashkil etilgan o'n kunlik transfer oynasi allaqachon yopilgan.
Nunes o'tgan mavsumda APLda 30 ta o'yin o'tkazib, 5 ta gol urgan.