Srechko Katanec bilan suhbat davomida juda ko'plab mavzular – futboldagi taktika, murabbiyning hissiyotlari, sportdagi fenomenlar va o'z faoliyatidagi qiziqarli voqealar xususida 2 soatcha gaplashdik. Katanec OAV vakillari ko'z o'ngida jiddiy va kamgap insondek tuyuladi, ammo suhbatimiz juda qiziqarli va ochiq bo'ldi.
Endi biroz ortga va asosiy mavzuga qaytsak. O'zbekiston terma jamoasi Jahon chempionatiga yo'l oldi. MTJ mundial yo'llanmasini 5 iyun kuni BAAga qarshi uchrashuvdan so'ng rasman qo'lga kiritdi, ammo bu yo'l aslida ancha oldin boshlangan edi. Srechko Katanec terma jamoani 2021 yil avgust oyida qabul qilib oldi va 2025 yil yanvar oyiga qadar boshqarib keldi. Uning sog'lig'i o'z ishini davom ettirishga yo'l qo'ymadi. Katanecning o'rnini Timur Kapadze egalladi va ushbu ikki murabbiyning say-harakatlari tufayli tarixiy natija qayd etildi.
Barchasi qanday boshlangan edi?
Abu-Dabidagi o'yinga qaytsak. Avstraliyalik hakamning final hushtagi yangraganidan so'ng media tribunada haqiqiy bayram boshlanib ketdi. Jurnalistlar xursandchiligi va hattoki quvonch ko'z yoshlari. O'yindan keyingi matbuot anjumanida ham nimalar ro'y berganini bilasiz. Stadionni tark etayotgan chog'imda, Katanecni tabriklash va undan bugungi o'yin haqida fikrini so'rashim kerakligi esimga tushib qoldi. Messenjer orqali uni tabrikladim va u o'z fikrlari bilan bo'lishdi. Shundan so'ng, biz g'alabani nishonlashda davom etdik va Katanecni unutib yubordim. Ikki kundan so'ng esa Toshkentga qaytgan va terma jamoaning "Jar"da o'tkazilgan mashg'ulotida O'FA Srechko Katanecni Qatarga qarshi o'yin uchun taklif etganidan xabar topdim. Shundan so'ng uni darhol intervyuga taklif qildim, ammo u javob bermadi. So'rovimga javob olmaganidan so'ng barchasi esimdan chiqib ketdi. Ikki kundan so'ng esa Telegram'dan shaxsiy xabar keldi. Ilovani ochib qarasam, Katanec xabar yozgan:
"Salom. Men Toshkentdaman. Agar xohlasang, biror joyda ko'rishib, qahva ichishimiz mumkin va gaplashib olamiz"
Shunday qilib qulay vaqt va lokaciyani kelishdik. Nihoyat, ko'rishdik.
- Salom. Qalaysan?
- Salom, janob Katanec. Sizni yana ko'rib turganimdan juda xursandman. Jahon chempionatiga chiqqanimiz bilan tabriklayman. O'zbekiston endi mundialda ishtirok etadi.
- Ha, mundialga chiqdik. Endi o'zingni qanday his etyapsan?
- Shunchaki dahshat. Hali hamon eyforiyadaman. Aslida nimalar sodir bo'lganini haliyam to'liq anglab eta olmayapman, nazarimda.
- Nega? (kuladi)
- Biz birinchi marotaba Jahon chempionatiga chiqdik. Barcha xursand. Hissiyotlar va barchasi ajoyib. Bir necha yillik orzu nihoyat amalga oshdi.
Mundial yo'llanmasi qo'lga kiritilgani haqida:
- Xursandchilik yaxshi, ammo bunga ko'nikish kerak. Biz bu natija sari yaqinlashib kelayotgan edik va bu amalga oshdi. Men Sloveniya bilan Jahon chempionatiga chiqqanimda ham mamlakatda shunday xursandchilik bo'lgan edi. Hozir faqatgina jarayondan rohatlanish va ushbu onlarni yashab o'tish kerak.
Keyin esa Katanec "Men bugun jurnalist bo'laman", deya kuldi va menga savol bera boshladi.
- Nima deb o'ylaysan, saralashning so'nggi bosqichi qanday o'tdi? Raqiblar haqidagi fikring qiziq...
- Ochig'i, guruhimiz ancha yaxshi edi, nazarimda. Biz kuchli bo'lgan Yaponiya yoki Koreya bilan o'ynamadik. To'g'ri, Eron ham kuchli, biroq biz ularga qarshi so'nggi vaqtlarda yaxshi natija qayd etyapmiz. Qatar bilan tez-tez o'ynab turibmiz. Raqiblar masalasida omadimiz keldi deb hisoblayman.
- Ha, fikring to'g'ri. Biz Yaponiya yoki Avstraliya kabi mamlakatlar uzoq safar qilmadik. Faqatgina bir marotaba Laosga bordik xolos. Umuman olganda, hammasi yaxshi o'tdi.
Davomi tez orada...