O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi va O‘zbekiston professional futbol ligasi rahbariyati Jahon Ligalar Assotsiatsiyasi bosh kotibi Jerom Perlemuter boshchiligdagi delegatsiya bilan uchrashuv o‘tkazdi. Uchrashuvda O‘FA va O‘zPFL hamkorligida amalga oshirilayotgan loyihalar, ular doirasida tashkil etilayotgan musobaqalar va yaqin istiqboldagi rejalar muhokama qilindi.
Uchrashuvda Assotsiatsiya va Liga tomonidan so‘nggi yillarda amalga oshirilgan tizimli ishlar e’tirof etildi. Ta’kidlanganidek, bu mehnat o‘z samarasini berib, milliy va yoshlar terma jamoalari natijalarida ham aks etmoqda.
Davlatimiz rahbarining doimiy e’tibor va ko‘magida mamlakatimizda futbol har tomonlama rivojlanmoqda. Bugungi kunda 17 ta terma jamoamiz yagona tizim asosida xalqaro musobaqalarga puxta tayyorgarlik ko‘rmoqda. Barcha hududlarda futbol akademiyalari tashkil etilib, zamonaviy tayyorlov tizimi yo‘lga qo‘yilgan, — dedi O‘FA birinchi vitse-prezidenti Ravshan Irmatov.
Uchrashuv davomida turli yosh toifalari bo‘yicha o‘tkazilayotgan ichki chempionatlarning o‘smirlar va yoshlar terma jamoalari uchun samarali seleksiya tizimiga aylangani, bu esa xalqaro maydondagi muvaffaqiyatlarga zamin yaratgani alohida ta’kidlandi. Jumladan, 2023-yilda yoshlarimiz yurtimiz mezbonlik qilgan Osiyo Kubogida g‘oliblikni qo‘lga kiritgan bo‘lsa, 2024-yilda Olimpiya terma jamoamiz tarixda ilk bor Parij-2024 Olimpiadasiga yo‘llanmani qo‘lga kiritdi.
Shuningdek, uchrashuvda “Olimpik” loyihasi, uning Pro Liga va Superligadagi ishtiroki, hamda milliy terma jamoamizning Jahon chempionati yo‘llanmasi va keyingi rejalar yuzasidan ma’lumot berildi.
Yig‘ilish yakunida JLA delegatsiyasi O‘zbekiston futboli rivoji yo‘lida olib borilayotgan ishlarni yuqori baholab, uzoq muddatli samarali hamkorlik qilishga tayyor ekanliklarini bildirdilar.