Championat.asia sayti talqiniga ko'ra 12-turning eng yaxshi darvozaboni – Abdumavlon Abdujalilov ("Bunyodkor")
"Bunyodkor" bu tur o'z uyida "Paxtakor"ni mehmon qilib, murosa ko'chasini tanladi (1:1). Ushbu qiymati baland 1 ochko qo'lga kiritilishida "qaldirg'ochlar" darvozaboni Abdumavlon Abdujalilovning hissasi katta bo'ldi. U "sherlar" bilan to'qnashuv mobaynida bir qator vaziyatlarda o'zini ko'rsatib, jamoasini gollardan qutqardi. 30 yoshli posbon bahsda 4 ta esda qolarli seyv namoyish etdi. Shu tariqa u Championat.asia talqinida 12-turning eng yaxshi darvozaboni deb topildi.
Championat.asia sayti talqiniga ko'ra 12-turning eng yaxshi murabbiyi – Asror Aliqulov ("Mashal")
"Mashal" Qo'qonga safar uyushtirib, naqd 4:0 hisobida g'alaba qozondi. Bunga albatta jamoa bosh murabbiyi Asror Aliqulovning o'yin uchun rejasi har taraflama ish bergani sabab bo'ldi deb bemalol ayta olamiz, chunki muborakliklar o'sha kuni raqib darvozasiga javobsiz 4 ta to'p yo'llashni uddaladilar. Shu tariqa Asror Aliqulov so'zsiz 12-turning eng yaxshi murabbiyi sifatida etirof etildi.
Championat.asia sayti talqiniga ko'ra 12-turning eng yaxshi futbolchisi – Humoyun Murtozaev ("Mashal")
"Mashal" ortda qolgan turda mehmonda "Qo'qon-1912" bilan ro'baro' kelib, 4:0 hisobida zafar quchdi. Uchrashuvda Humoyun Murtozaev ilk daqiqadayoq hisobni ochgan bo'lsa, 75-daqiqaga kelib, hisobni yiriklashtirishga erishdi. Tajribali forvard o'z dubli orqali jamoa g'alabasiga munosib hissa qo'shdi. Shunday qilib, Murtozaev Championat.asia ijodkorlari tomonidan 12-turning eng yaxshi futbolchisi deya qayd qilindi.
Championat.asia sayti talqiniga ko'ra 12-turning eng chiroyli goli muallifi – Shahboz Jo'rabekov ("Buxoro")
"Buxoro" ushbu turda "Andijon" bilan to'qnash kelib, 1:1 hisobida durang o'ynadi. 67-daqiqada buxoroliklar himoyachisi olis masofadan jarima zarbasi orqali darvozani to'g'ridan-to'g'ri nishonga oldi va to'p darvoza to'ridan joy oldi. Shu tariqa bu mavsum ancha sermahsul harakat qilayotgan Jo'rabekov Championat.asia sayti talqinida turning eng chiroyli gol muallifi deb topildi.