Suhbatning dastlabki qismlari:
Srechko Katanec bilan samimiy suhbat. Ilk hissiyotlar va saralash bosqichi haqida
Srechko Katanec bilan samimiy suhbat. Mundialga tayyorgarlik va saralashdagi raqiblar haqida (2-qism)
- O'zing JCHdan nimalar kutyapsan? Terma jamoa qanday natija qayd etsa, sening nazmingda yaxshi ishtirok bo'ladi?
- Qanday natija kutishni bilmayman. Biz bunday musobaqada birinchi marotaba ishtirok etamiz. Bilmadim, to'g'risi, bu savolga aniq javob bera olmasam kerak. Guruh bosqichida munosib ishtirok etsak, yaxshi natijadek qabul qilinsa kerak. Agar guruhdan chiqsak, ajoyib va fantastik ishtirok bo'ladi.
- Men barcha o'zbekistonlik futbol muxlislariga bir narsani maslahat beraman. Terma jamoadan hech nima kutmanglar. Shunchaki ilk marotaba Jahon chempionatida ishtirok etayotganlaringizdan rohat olinglar. Birinchi ishtirok katta natija qayd etish oson emas. Jarayondan rohatlaning. Qanday natija qayd etilishi juda ko'p faktorlarga bog'liq, masalan, qaysi jamoalar bilan guruhda o'ynash va boshqa minglab sabablar. Jahon chempionatini rohatlanib yashab o'tinglar.
- Umuman olganda uchinchi saralash bosqichi haqida nimalar deya olasiz. Siz kutgan terma jamoalar mundialga yo'l olishdimi?
- Ko'p kuzatganim yo'q. Har doim JCHga chiqib yurgan Yaponiya, Avstraliya va Koreya bu safar saralashdan o'ta olishdi.
- Iordaniya ham o'z tarixida ilk marotaba Jahon chempionatida ishtirok etadigan bo'ldi. Iordaniya Iroq bilan bir guruhdan joy olgan edi va ular o'rtasida juda keskin raqobat bo'ldi.
- Ha, Iroq endi pley-off bahslarida ishtirok etadi.
- Terma jamoaning so'nggi 3ta uchrashuvda o'zgarishlar ko'rdingiz. Jamoani tark etganingizdan so'ng o'yin uslubi bo'yicha qandaydir yangilik sezdingizmi?
- Yana o'sha mavzu-mi? Deyarli o'zgarish bo'lmadi. Sababi o'zgarish qilish uchun vaqt yo'q edi. Men senga bir narsani aytay, sizlar O'zbekiston terma jamoasini qo'llab-quvvatlaysizlar, terma jamoa qaerda o'ynasa o'sha manzilga etib borasizlar. Bu yaxshi. Terma jamoadan yorqin va hujumkor o'yin talab qilasizlar. Bu har doim ham to'g'ri emas. Futbolda vaziyatni his qila olish kerak. Meni jurnalistlar ko'p tanqid qilishdi. Terma jamoa namoyish etayotgan o'yin himoyaga asoslangani uchun. Mening nazarimda, hayotda barchasi masuliyat ustida quriladi. Futbolda ham shunday. Jamoaning masuliyati g'alaba qozonish yoki kerakli natijani qayd etish. Kerakli natija qanday yo'l bilan qayd etiladi, uning qizig'i yo'q. G'alabaga erishish uchun esa hujumchilar o'z masuliyatiga javobgar bo'lishi kerak. Yani raqib darvozasini ishg'ol etish. Himoyachilar esa darvoza daxlsizligini saqlab qolish va vaziyatlarni bartaraf etish. Mening masuliyatim esa ushbu jamoani tayyorlash. Hammasi juda oddiy. G'alaba qozonish uchun gol urilishi kerak, lekin undan ham muhimroq vazifa - gol o'tkazib yubormaslik.
Jurnalist sifatida senda ham juda katta masuliyat bor. To'g'ri malumot etkazish va har qanday vaziyatda neytral bo'lish. Barchamiz masuliyatni his qila olishimiz kerak. Barcha muxlislar yorqin futbol ko'rishni xohlaydi, lekin vaziyatga real nazar bilan qarash kerak. Agar men o'z jamoam raqibdan bitta ko'proq gol urishiga to'liq ishonch hosil qilganimda, zaxira o'rindig'idan turmay o'yinni kuzatgan bo'lar edim. Masalan, raqib beshta gol ursa, biz oltita gol urishimiz talab etiladi. Agar bu ishni har doim uddalay olsak, unda muammo yo'q. Eng yorqin jamoa biz bo'lamiz. Masalan, faqatgina Ispaniya va Franciya terma jamoalar shunday tarkibga ega bo'lsa kerak, xolos.
Men 2019 yildagi Toshkentdagi O'zbekiston - Saudiya Arabistoni uchrashuvini stadiondan turib kuzatganman. O'sha uchrashuvda O'zbekiston juda yorqin va hujumkor o'yin namoyish etgan edi. Bir savolga javob ber, iltimos. Uchrashuv qanday hisob bilan yakunlangan edi?
- 3:2 Saudiya foydasiga.
- Ha, lekin o'shanda O'zbekiston terma jamoasi yorqin va ochiq futbolni tanlagan edi. Har qanday vaziyatni to'g'ri baholay olish kerak. Bu juda muhim narsa. Bir g'oyaga bog'lanib qolish noto'g'ri.
- Bilasizmi, mening fikrimcha, xorijlik murabbiylarning ko'p tanqidga uchrashi bir tomondan to'g'ri. Muxlislar va omma fikriga ko'ra, xorijlik murabbiy mahalliy murabbiylardan ancha kuchli bo'lishi va terma jamoani haqiqatdan ham kuchaytira olishi kerak. Chunki biz xorijlik murabbiyga yaxshigina maosh to'laymiz. Murabbiyning maoshi esa oddiy insonlar to'layotgan soliqlardan to'lanadi...
- Xorijlik murabbiy jamoani kuchaytira olishi degan fikr bahsli. Bu qanday murabbiy tanlashga bog'liq. Maydonda futbolchilar harakatlanadi. To'g'ri, murabbiy ko'rsatma va taktikani belgilab berishi mumkin, ammo maydondagi epizodda futbolchi yakuniy qarorni qabul qiladi. Yaxshi imkoniyatga ega bo'lgan hujumchi qanday zarba berishiga men tasir o'tkaza olmayman. U xohlasa, so'nggi soniyada qarorini o'zgartirishi va boshqacha zarba berishi mumkin. Penaltilar ham shunday. Futbolchilar - asosiy ijrochilar. Dunyodagi eng yaxshi murabbiy taklif etilsa ham barchasi maydondagi futbolchining yakuniy qarori va harakatlariga bog'liq.
Davomi ertaga...