MLS futbolchilari uyushmasi 2025 yil may oyi holatiga ko‘ra amaldagi shartnomalar bo‘yicha futbolchilarning maoshlari haqidagi ma’lumotlarni e’lon qildi. «Inter Mayami» hujumchisi Lionel Messi ikkinchi yil ketma-ket liganing eng ko‘p maosh oluvchi futbolchisiga aylandi.
Hisobotda futbolchilarning bazaviy maoshi hamda shartnoma amal qilgan davr uchun to‘lanadigan bonuslarini o‘z ichiga olgan yillik kafolatlangan kompensasiya ko‘rsatilgan. 38 yoshli argentinalik futbolchining bazaviy maoshi 12 million dollarni tashkil etadi. Barcha bonuslarni qo‘shib hisoblaganda, Messining yillik daromadi 20,4 million dollarga yetadi. U har ikki ko‘rsatkich bo‘yicha MLSda peshqadam hisoblanadi.
Maoshi eng yuqori bo‘lgan futbolchilarning Top-10 ro‘yxati quyidagicha:
1. Lionel Messi («Inter Mayami») — 20,4 mln dollar;
2. Lorenso Insinye («Toronto») — 15,4 mln dollar;
3. Serxio Buskets («Inter Mayami») — 8,8 mln dollar;
4. Migel Almiron («Atlanta Yunayted») — 7,9 mln dollar;
5. Irvin Losano («San-Diyego») — 7,6 mln dollar;
6. Federiko Bernardeski («Toronto») — 6,3 mln dollar;
7. Emil Forsberg («Nyu-York Red Bullz») — 6,03 mln dollar;
8. Jordi Alba («Inter Mayami») — 6 mln dollar;
9. Riki Puch («Los-Anjeles Gelaksi») — 5,8 mln dollar;
10. Jonatan Bamba («Chikago Fayr») — 5,6 mln dollar.
Eslatib o‘tamiz, Lionel Messi 2023 yildan beri «Inter Mayami» safida to‘p surmoqda. U o‘tgan mavsumda jamoa tarkibida barcha musobaqalarda 20 ta o‘yinda qatnashib, 15 ta gol va 6 ta golli uzatma muallifiga aylandi.