- O'yin haqida fikringiz?
- O'yin haqida ko'p ham gapirmoqchi emasman. Faqat shuni aytishim mumkin, stadionda ajoyib muhit bo'ldi. Muxlislarga ham qoyil. Kerakli o'yinda g'alaba qozondik. Bu biz uchun oldinga harakatni anglatadi.
- "Neftchi" yaxshi o'ynadi. Gap-so'zlarga qaraganda, bu Siz uchun oxirgi imkoniyat edi. Bu haqda nima deya olasiz?
- Bilasizmi, har bir mish-mishga izoh berish yoki to'xtalish mening vazifamga kirmaydi. Bizda klub rahbariyati bor va bunday savollarga rahbariyat javob beradi. Mening ishim esa jamoani tayyorlash. Men mish-mishlarga ishonmayman va ijtimoiy tarmoqlarni ham kuzatmay qo'yganman.
- Jamoangizning bugungi holatini qanday baholaysiz?
- Ishlashda davom etyapmiz, to'xtab qolganimiz yo'q. Futbolda past-balandlar uchrab turadi. Muhimi, ishlashdan to'xtab qolmaslik darkor. G'alaba va mag'lubiyat doim yonma-yon yuradi. Yutsang xursand bo'lasan, yutqazsang xafa. Lekin har ikki holatda ham o'yinni tahlil qilishga to'g'ri keladi.
- "Qizilqum" bilan bahsda nima o'xshamagandi?
- Biz Navoiyda g'alabaga erta ishonib yubordik. Kutilmaganda standart vaziyatdan gol o'tkazib g'alabani boy berdik. Bugungi bahsda esa yanayam diqqatli bo'lishga harakat qildik. Qolaversa "Dinamo"ning turnir jadvalida bizdan yuqori ekanligi ham futbolchilarimizga qo'shimcha motivaciya berdi.
- Islom Ismoilovning "Neftchi"da ish boshlaganiga qanday munosabat bildirasiz?
- Murabbiylik oson emasligini hamma biladi. Sen doim mehnatda bo'lishing shart. Islom Ismoilov haqida iliq fikrlar ko'p yangrayapti. U bunga loyiq, chunki Osiyo chempionatida g'olib chiqdi. Ammo Islom yosh va bu yutuq bilan to'xtab qolishi kerak emas. Har bir qo'lga kiritilgan yutuq o'z navbatida tarixga aylanadi. Shuni unutmaylik.