Avvalroq Jota va uning ukasi, "Penafiel"da o'ynagan Andre Silva Ispaniyaning shimoli-g'arbiy qismida avtohalokatda vafot etgani malum bo'lgandi.
"Nima deyman? Bunday paytda zarba va og'riqqa chidab bo'lmas ekan, kim nima deyishi mumkin? Qaniydi, qandaydir so'z topib gapira olsam.
Menda bor narsa, biz juda yaxshi ko'rgan inson va futbolchi haqida gapirib berishim mumkin bo'lgan voqealardir.
Mening dastlabki fikrlarim futbol menejeriniki emas, ular ota, o'g'il, aka-uka va amakilarniki deb qabul qiling. Diogu va Andre Silvalar oilasi tasavvur qilib bo'lmas judolikka uchradilar.
Mening fikrlarim aniq: siz hech qachon yolg'iz qolmaysiz. "Liverpul" futbol klubi futbolchilari, xodimlari, muxlislari hammasi siz bilan va men bugun ko'rganlarimga ko'ra, kengroq futbol oilasi haqida ham shunday deyish mumkin.
Klub sifatida bu biz uchun shunchaki shok. Diogu nafaqat bizning futbolchimiz edi. U barchamiz uchun sevimli inson edi. U yaxshi jamoadosh, yaxshi hamkasb edi.
U jamoamizga nima olib kelgani haqida ko'p gapirishim mumkin, lekin Diogu o'yinini tomosha qilgan har bir kishi buni biladi. Qattiq mehnat, istak, fidoyilik, sifat, gollar. "Liverpul" futbolchisi qanday bo'lishi kerakligining mohiyati aks etardi.
Hamma ham ko'rmagan jihatlar bor. Hech qachon mashhurlikka intilmagan, lekin baribir unga erishgan odam. Ikki kishiga emas, hammaga do'st. U o'z oilasi haqida qayg'uradigan inson edi.
Oxirgi marta gaplashganimizda Dioguni Millatlar Ligasida g'olib chiqqani bilan tabriklagandim va bo'lajak to'yini yaxshi o'tkazishini tilagandim. Ko'p jihatdan bu Diogu va uning oilasi uchun orzu qilingan yoz edi, bu esa shunday tugagani qattiq zarbadir.
Klubga ilk bor kelganimda o'rgangan qo'shiqlardan biri bu muxlislarimiz Diogu uchun atab kuylagan qo'shiq edi. Men u bilan avval birga ishlamagan edim, lekin yillar davomida juda ko'p ajoyib o'yinchilarni ko'rgan "Liverpul" muxlislari Diogu uchun shunday noyob qo'shiq aytayotgan ekan, demak, unda o'ziga xos fazilatlar borligini anglab etgandim.
Bunday dahshatli sharoitda o'sha fazilatlarni yo'qotganimizga ko'nikishimiz mushkul bo'ladi. Shu sababli, klubdagi barcha birdam bo'lishi va bir-birimiz bilan yaqinroq bo'lishimiz kerak.
Dioguning rafiqasi Rute, ularning uch nafar go'zal farzandi, Diogu va Andre Silvaning ota-onalariga hamdardlik bildiraman.
Kezi kelganda Diogu Jotaning gollarini eslaymiz va qo'shig'ini kuylaymiz. Bu orada biz uni betakror shaxs sifatida eslab, yo'qotganimizga aza tutamiz. U hech qachon unutilmaydi.
Uning ismi – Diogu", – dedi Slot.