107 kilometrlik lanat yoxud "Dinamo" - "Nasaf" uchrashuviga nega KTS kelmadi?

  • Mr.NoBoDy 07.07.2025 13:08
  • 36
  • 30

Kecha Samarqandda Superliga birinchi davrasining eng markaziy o'yinlaridan biri bo'lib o'tdi.

Afsuski bu shiddatli bahsni 11508 nafar inson maza qilib tomosha qildi xolos. Kecha stadionga aynan shuncha muxlis kirgani o'yin qaydnomasida aks etgan.

O'yindan oldin PFL matbuot xizmati mana bunday elon chiqardi: "Uchrashuv translyaciyasini amalga oshirishi lozim bo'lgan KTS Samarqand shahriga etib kelmagani sababli Dinamo - Nasaf bellashuvi VAR tizimisiz o'tkaziladi".

Samarqandga borgan saytimiz vakillari bahs boshlanishiga yaqin o'yin TV orqali faqat ikkita kamera orqali namoyish etilishi borasida xabar berishdi. O'sha ikkita kameradan bittasi telefon ekanini ham qo'shimcha qilishdi. O'zbekiston chempionatining eng muhim va eng markaziy o'yinlaridan biri telefon orqali namoyish etildi. Ilon Mask qaerdasan?




Bahs boshlanganidan keyin O'zFHM matbuot xizmati ham quyidagi elonni chop etdi:

"Ayni paytda davom etayotgan “Dinamo” — “Nasaf” uchrashuvida VAR texnologiyasidan foydalanilmayapti

Bunga asosiy sabab —  MTRKga tegishli maxsus mobil texnik vosita Samarqandga etib bormagan. Shuningdek, Samarqanddagi MTRK xodimlari VAR mashinasiga tegishli kamera orqali YouTube platformasida o'yinni jonli efirda namoyish qilmoqda.

Eslatib o'tamiz, VAR tizimidan to'laqonli foydalanish uchun kamida 4 ta alohida kamera talab etiladi. Ushbu texnik shartlar bajarilmagani sababli bugungi bahsda VAR texnologiyasi ishga tushirilmagan".

Birinchi taym oxirida "Dinamo" hujumchisi Anvarjon Hojimirzaev "Nasaf" himoyachisi Zafarmurod Abdirahmatov tomonidan yiqitildi. Bosh hakam mehmonlar darvozasi tomon penalti belgiladi. O'sha penalti gol bilan tugadi. Takroriy vaziyatni tomosha qilgan odam Hojimirzaev jarima maydoni tashqarisida yiqilganini yaqqol ko'rdi. Biroq o'yinni tomosha qilayotgan tomoshabin bosh hakamning qarorini o'zgartira olmaydi, chunki o'yinda VAR yo'q edi.




Bugun tongdan Sport telekanalida ishlaydigan 4 nafar xodim bilan bog'landim va KTS nega Jizzaxdan (107 kilometr masofaga) Samarqandga bormagani sababini so'radim. Hech kim aniq sabab ayta olmadi.

Keling bir tasavvur qilib ko'ramiz:

Sport telekanalidan operatorlar, rejissyor va sharhlovchi to'liq tarkib bilan Samarqandga borishgan. O'yin kuni erta tongdan Jizzaxga aloqaga chiqishgan, yakshanba kuni bo'lgani uchundir Jizzaxdagi masul shaxs telefonni olmagan. Shu bilan Samarqanddagilar oxirigacha KTS kelishiga ishonishgan, Jizzaxdan esa sado chiqmagan. Hali hamon sado chiqqani yo'q.

Jahon chempionatiga chiqqan mamlakatda mahalliy futbol ligasi o'yiniga KTS bormayapti va buning sababini elon ham qilishmayapti. Muxlislar esa PFLni, O'FAni va hatto jurnalistlarni ham so'kishmoqda. PFL ham, O'FA ham, jurnalistlar ham, Sport telekanali ham o'yinni 4-5 ta kamerada chiroyli sifatda namoyish etilishi tarafdori aslida. Sport telekanalidan Samarqandga borgan xodimlar oldida ikkita yo'l bor edi: O'yinni umuman namoyish etmaslik yoki o'sha bitta kamera va bitta telefon orqali jonli ko'rsatish. Ular ikkinchi yo'lni tanlashdi. Lekin Jizzaxdagi KTSni olib borishi kerak bo'lgan odam jim. 

Keyingi yil PFL o'zining KTSlarini yo'lga qo'yib olsa menimcha bunaqa muammo bo'lmaydi deb umid qilamiz.   


Xullas, KTS mashinasi 107 kilometr masofaga bormagani uchun muxlislar tuni bilan yo'lidan chiqqan odamlarga lanat aytib chiqishdi. 

Ўхшаш янгиликлар

MMA (UFC) videolar

post photo

ММА (UFC) - janglari

UFC 310 Embedded (эпизод 5)

Futbol obzorlar