Championat.asia sayti talqiniga ko'ra 18-turning eng yaxshi darvozaboni – Botirali Ergashev ("Neftchi")
"Neftchi" bu turda o'z maydonida amaldagi mamlakat chempioni Qarshining "Nasaf" klubini qabul qildi va 1:0 hisobida g'alabaga erishdi. Bu g'alaba qo'lga kiritilishida mezbonlar posboni Ergashevning hissasi katta bo'ldi. U uchrashuv mobaynida bir necha bor jamoasini muqarrar gollardan asrab qoldi. Birinchi ikkinchi taym oxirida uzoqdan tepilgan ikkita zarbadan keyin jamoasini qutqargan bo'lsa, ikkinchi taymda raqib hujumchisi Akinadening yaqin masofadan tepgan to'pini qaytarib o'z darvozasi dahlsizligini saqlab qola oldi. Tur darvozaboni bo'lish uchun "Qo'qon-1912" posboni Azizxon Isaqov va "Surxon" vakili Dilshod Yo'ldoshev ham kurashdi, ammo ikkalasi ham bittadan gol o'tkazishdi va shu bois, Botirali Ergashev Championat.asia talqinida 18-turining eng yaxshi darvozaboni deya etirof etildi.
Championat.asia sayti talqiniga ko'ra 18-turning eng yaxshi murabbiyi – Vitaliy Levchenko ("Neftchi")
Yuqorida takidlaganimizdek "Neftchi" bu tur Farg'onada "Nasaf"ni mehmon qildi va 1:0 hisobida g'alabaga erishdi. O'yinning kattagina qismini 10 kishi bo'lib o'tkazgan "Neftchi" chempionni mag'lub eta oldi. Etiborlisi "Nasaf" bu mavsum Superligada hali hech kimga yutqazmagan edi. Tur murabbiyi bo'lish uchun "Surxon" va "Navbahor" bosh murabbiylari ham davogarlik qilishdi. Biroq markaziy o'yindagi g'alaba toshi og'irroq bosdi. Shu tariqa, Vitaliy Levchenko Championat.asia talqiniga ko'ra turning eng yaxshi murabbiyi deb topildi.
Championat.asia sayti talqiniga ko'ra 18-turning eng yaxshi futbolchisi – Rustam Turdimurodov ("Surxon")
"Surxon" bu tur o'z maydonida peshqadamlar safiga yaqin turgan "Bunyodkor"ni qabul qildi va 3:1 hisobida g'alabaga erishdi. "Surxon"ga yozda kelib qo'shilgan hujumchi Rustam Turdimurodov ikkita gol urdi va "Bunyodkor"ning mag'lubiyatiga zamin yaratib berdi. Tur futbolchisi bo'lish uchun Ruslanbek Jiyanov va Botirali Ergashev kurashdi, ammo dublga erishgan hujumchi yutib ketdi. Shu tariqa Rustam Turdimurodov Championat.asia talqiniga ko'ra, 18-turning eng yaxshi futbolchisi bo'ldi.
Championat.asia sayti talqiniga ko'ra 18-turning eng chiroyli goli muallifi – Rustam Turdimurodov ("Surxon")
Rustam Turdimurodovnig "Bunyodkor" darvozasiga 17-daqiqada urgan goli chiroyli chiqdi. U himoyachining xatosidan keyin jarima maydoni tashqarisidan to'xtatmasdan zarba berdi va gol urdi. Eng chiroyli gol muallifi bo'lish uchun Ruslanbek Jiyanov va Dominik Begich ham davogar edi. Shunday qilib, Rustam Turdimurodov Championat.asia sayti talqinida turning eng chiroyli gol muallifi deb topildi.