Kechki sayr bahonasida Joel Kojo bilan suhbatlashish istagi paydo bo'ldi. Terma jamoa mamuri Nursulton meni tezda Kojo bilan bog'lab berdi, intervyuga kelishdik, barchasi tezda bo'ldi. Kojoni 2023 yil Abramov "Dinamo"ga olib kelganida taniganman. "Esimda, "Xorazm" bilan o'yindan so'ng instagramdan yozgan edingiz. Sizni tanidim",- deya gap boshladi futbolchi. Imkon qadar rasmiy savollardan qochgan holda erkin suhbat qurishga harakat qildik. Quyida uning kerakli qismlarini etiboringizga havola qilamiz.
- Qirg'iziston terma jamoasida ichki muhit qanday?
- Biz bir oilamiz. Bitta futbolchi emas, hamma bir maqsad ostida birlashadi. Futbolchilar o'zlarini yaxshi his qilishmoqda.
- Jahon chempionati uchinchi saralash bosqichida Qirg'izistonning debyutdayoq munosib qatnashishing zamiri nimaga borib taqaladi?
- Guruhimizda juda kuchli raqiblar bor edi. Biz qo'limizdan kelganicha kurashishimiz lozim edi. Lekin futbolchilar har bir o'yinda maydonda bor kuchini ishga soldi. Faqat omad etishmadi. Albatta, O'zbekistonni tabriklayman. Biz sizlarni Jahon chempionatida qo'llab-quvvatlaymiz, chunki biz bir xalqmiz, qo'shnilarmiz. Qo'shni esa hech qachon yonidagiga yomonlik tilamaydi. Bu har doim shunday bo'lib qoladi.
- Kvotalar oshgani qolganlarga ham motivaciya berib yubordi...
- Shuni aytishim mumkinki, masalan O'zbekiston ko'p yillardan beri Jahon chempionatiga chiqishga yaqin kelayotgandi. Taqdir shu kunga yozgan ekan. Bu saralashda qatnashgan barcha terma jamoada motivaciya bitta edi — Jahon chempionatiga borish. Balki keyingi saralashda bizda ham imkoniyat bo'lar. O'zbekistonda futbol akademiyalari ancha avval ochila boshlandi, futbol rivojlandi. Qirg'izistonda ham bugun shunday, yaxshi maktablar qurilmoqda. Buning samarasini keyingi mundial saralashida ko'ramiz deb o'ylayman.
- Qirg'iziston terma jamoasida 2 yildan beri o'ynab kelmoqdasiz. Ilk bor chaqiruv olganingizda qanday hissiyotlar o'tgan?
- Men Ganadan xorijga chiqib ketganimda maqsadim terma jamoada o'ynash bo'lgan. Qaysi mamlakat bo'lsin, menga taklif bilan chiqsa, foydam tegishiga ishonishini aytsa o'ynashga rozi edim. Qirg'iziston birinchi martta chaqirgan. Lekin xayron qolgandim, men axir qirg'izistonlik emasman-ku. Qolaversa, terma jamoada yaxshi hujumchilar yo'q emasdi. Onam bilan gaplashdim va rozilik berdim. Yakunda Qirg'iziston terma jamoasiga bordim, debyutim CAFA turnirida bo'ldi. Murabbiy ishona boshladi, ko'proq o'yin amaliyoti berdi. Qirg'iziston terma jamoasida xursandman.
- "Dinamo"ga kelganingizda "lift" maqomidagi jamoa edi. Samarqandda qanday qilib tez yoqimtoyga aylandingiz?
- Samarqand menga yordam bergan, terma jamoaga shu klubdan borganman. Pro ligada nimalarga qodirligimni isbotlashim kerak edi. Superligaga chiqdik, menda yangi variantlar paydo bo'ldi.
- "Dinamo"ning barqarorlikka chiqishida murabbiy roli katta bo'ldi deya olasizmi?
- Ha. Abramov juda yaxshi murabbiy, o'zbek futbolini yaxshi biladi. Futbolchilar u bilan ishlashni yoqtiradi. Ilk bor kelganimda "Dinamo" yana chiqadi, tushib ketadi degan gaplarni men ham eshitganman. "Kelinglar, "Dinamo" shu mavsum Superligaga chiqsa, boshqa ortiga qaytib tushmaydi",- deb aytdim. Biz gapimizni ustida turdik va Superligada o'rnimizni saqlab qoldik. Keyin yuqorida aytganimdek takliflar ko'paydi. "Ortga qaytsam, "Dinamo"ga kelaman",- dedim. Men yana qaytaman. Siyosiy vaziyatlar sabab "Istiqlol"dan boshqa jamoaga ijaraga ketishimga to'g'ri keldi.
- Eronda nima etishmay qoldi?
- Hech qanday muammo yo'q edi. Oilaviy, siyosiy sabablarga ko'ra ijaraga yo'l oldim. "Dinamo"ga qaytishga tayyor edim. Lekin klub so'ragan ijara pulini "Neftchi" bera oldi. Eron klubi tekinga qo'yib yubora olmasdi. Muxlislar ichidagi vaziyatni bilishmaydi, xuddiki Kojo "Dinamo"ga qaytishni istamadi. Lekin unday emas. Ijara summasini bergan klubgagina qo'yib yuborardi. O'rtada shartnoma degan narsa bor. Ishqibozlar noto'g'ri tushunmasin. Vaziyatni yaxshi bilishsa boshqacha fikrlashadi.
- Farg'ona, vodiy futbolning qaynaydigan qozoniga keldingiz...
- Menda hech qanday bosim yo'q. Muxlislar to'la stadionda o'ynash yoqimli va osonroq ham. Futbolda har doim bir tekis ketib bo'lmaydi. Bu - hayot, unda hamma narsa yuz beradi. Hech qanday qo'rquv, hayajon yo'q, chunki futbol mening ishim. Men hamma o'yinda gollar yog'dirib tashlamasligim mumkin, lekin borimni beraman. Maydonda kim borini bersa 3 ochko ishlaydi.
- "Nasaf"dan taklif bo'lganini tasdiqlaysizmi?
- To'g'ri, "Nasaf", "Dinamo", "Navbahor", "Andijon" ham bor edi. Ular tekinga olishni istashdi, "Istiqlol" bunga rozi bo'lmadi.
- "Neftchi"ni chempionlik poygasidagi imkoniyatlariga real qanday baho berasiz?
- Jamoada barchamiz aka-ukamiz va chempionlikka ishonamiz. Oxirgi o'yinda kim kubok ko'tarishini ko'ramiz. Menda bunga xohish yuqori.
- Legioner sifatida chempionatimizning qiyinligini his qilganmisiz? Yangi kelayotgan legionerlar oson chempionatga kelyapmiz deb o'ylashmoqda...
- Boshida 3-4 ta o'yinda zo'r o'ynab yuborsa tabiiyki internetda mashhur bo'ladi. Ular hayolida oltin to'p yutib, Jahon chempionatiga chiqib bo'lishadi. Biz futbolchimiz va ishlashdan to'xtamasligimiz kerak.Futbol bizning ishimiz, shundan oila boqamiz. Har bir o'yin biz uchun imkoniyat, har bir bahsda borimizni tashlashimiz lozim.
-