22 yoshli ukrainalik markaziy himoyachi Ilya Zabarniy mavsum yakunida "Bornmut"ni tark etishi mumkin.
Yahoo nashri xabariga ko‘ra, futbolchiga Fransiyaning "PSJ" klubi qiziqish bildirmoqda, biroq Zabarniyning o‘zi Parijga o‘tishni o‘ylamayapti, chunki jamoada rossiyalik darvozabon Matvey Safonov bor. Bu borada ukrainalik futbolchining transferiga asosiy davogarlar ikki London grandi bo‘lib qolmoqda - "Chelsi" va "Tottenxem". Aynan ular o‘rtasida himoyachini qo‘lga kiritish uchun kurash keyingi transfer oynasida boshlanadi.
Joriy mavsumda Zabarniy "Bornmut" safida 34 ta o‘yin o‘tkazdi. Transfermarkt portali ma’lumotlariga ko‘ra, ukrainalik futbolchining bozor qiymati 40 million yevroni tashkil qiladi.
Keyingi turda “Bornmut” o‘z maydonida “Manchester Yunayted”ni qabul qiladi. Uchrashuv 27 aprelga belgilangan. 33 turdan keyin klub 49 ochko bilan turnir jadvalida sakkizinchi o‘rinda bormoqda.