Ma’lumki, Toshkent viloyati Yuqori Chirchiq tumanida zamonaviy futbol infratuzilmasini oʻzida mujassam etishi koʻzda tutilgan Milliy futbol markazining qurilish ishlari jadallik bilan davom etmoqda. O‘FA rahbariyati boshchiligidagi ishchi guruh qurilish jarayonini yaqindan koʻzdan kechirish va mas’ullar bilan loyihaning keyingi rejalarini muhokama qilish maqsadida qurilish obyektida boʻldi.
Markaz tarkibida zamonaviy mehmonxona, futbol mutaxassislarini tayyorlash va ilmiy-tadqiqot markazi, Milliy terma jamoalar uchun tayyorgarlik bazasi, Respublika futbol akademiyasi, sport tibbiyoti va reabilitatsiya markazlari o‘rin olishi ko‘zda tutilgan.
Shuningdek, loyiha doirasida xalqaro talablarga javob beradigan 8 ta zamonaviy futbol maydonini barpo etish rejalashtirilgan. Ular turli yosh toifalari hamda milliy terma jamoalarning mashg‘ulot jarayonlari uchun mo‘ljallangan. Futbol infratuzilmasining muhim qismi bo‘lgan ushbu maydonlarni yuqori sifatda va belgilangan muddatlarda tashkil etish muhimligi alohida ta’kidlandi.
Tibbiy va reabilitatsiya markazini zamonaviy standartlarga muvofiq tashkil etish va eng soʻnggi uskunalar bilan jihozlash yuzasidan tavsiyalar berildi. Ishchi guruh tomonidan mas’ullarga tegishli topshiriqlar berilib, kelgusidagi vazifalar belgilab olindi.