«Real» himoyachisi Raul Asensio voyaga yetmagan qiz bilan bog‘liq intim xarakterdagi video tarqatish ayblovi bo‘yicha Kanar orollari sudi oldida javob beradi. Prokuratura futbolchi uchun 2 yil, 6 oy va 1 kunlik qamoq jazosini so‘ragan. Huquq-tartibot idoralari unga 15 ming yevro miqdorida kafolat (zalog) belgiladi. Bu haqda "AS" xabar berdi.
Manba ma’lumoticha, ushbu jinoyatda "Qirollik klubi"ning yoshlar tizimida o‘ynagan sobiq futbolchilar — Ferran Ruis, Xuan Rodriges va Andres Garsiya ham ayblanmoqda. Ularga nisbatan belgilangan kafolat 20 ming yevroni tashkil qiladi. Sud ularni faqat tarqatuvchilargina emas, balki video mualliflari deb ham hisoblamoqda.
Ta’kidlash joizki, avvalroq shikoyat qilgan ikki jabrlanuvchidan biri — hozirda 18 yoshga to‘lgan qiz — himoyachiga qo‘yilgan ayblovni qaytarib olgan edi.